Jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish sohasida xalqaro o‘quv dasturida ishtirok etildi

Jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish sohasida xalqaro o‘quv dasturida ishtirok etildi


Akademiya xodimi Yaponiya Xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) hamda BMTning Jinoyatlarning oldini olish va jinoyatchilarni qayta tarbiyalash bo‘yicha Osiyo va Sharqiy Osiyo instituti (UNAFEI) hamkorligida tashkil etilgan “Jinoiy odil sudlov (Tergov, ayblov, sud muhokamasi va xalqaro hamkorlikka e’tibor qaratilgan holda)” xalqaro dasturi doirasida “Jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashishdagi dolzarb muammolar, samarali chora-tadbirlar” o‘quv kursida ishtirok etdi.

Tadbirda Yaponiya, Butan, Maldiv, Laos, Pokiston, Serra-Leone, Efiopiya, Janubiy Sudan, Vetnam, Zambiya va O‘zbekiston davlatlarining sud, prokuratura, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari hamda yuridik tadqiqotchilar qatnashdi.

Kurs doirasida Yaponiya, AQSH, Tailand, Butan, Maldiv, Laos, Pokiston, Serra Leone, Efiopiya, Janubiy Sudan, Vetnam va Zambiya davlatlarining hamda FATFning tavsiyalari o‘rganildi.

Shuningdek, pul yuvishning zamonaviy usul va vositalari, Yaponiyada jinoiy daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi choralarning hozirgi holati va muammolari, moliyaviy razvedkani tashkil etish, kripto-aktivlarning noqonuniy muomalasi, ularni aniqlashda qo‘llaniladigan usul va vositalari, pul yuvish va terrorizmni moliyalashtirishning global tendensiyalari, pul yuvish holatlarini monitoring qilish va aniqlash, transchegaraviy pul yuvish holatlarini tergov qilish, kriptoaktivlardan foydalangan holda pul yuvishga oid jinoiy ishlar bo‘yicha protsessual choralarni tashkil etish kabi masalalar o‘rganildi hamda fikr almashildi.

Akademiya xodimi tomonidan “O‘zbekistonda jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish hamda samarali qarshi choralar” mavzusida ma’ruza bilan taqdimot o‘tkazildi.

Yaponiya Adliya vazirligi (MOJJ), Oliy prokuraturasi huzuridagi Yangi paydo bo‘layotgan jinoyatlar bo‘yicha prokurorlar boshqarmasi (JPEC) ga tashrif buyurilib, faoliyati hamda Huquqiy tarix materiallari ko‘rgazma zali eksponatlari bilan tanishildi, shuningdek Tokio shahar sudining Tachikava provinsiyasi sudiga tashrif buyurilib, sud protsessida kuzatuvchi sifatida ishtirok etildi.