O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) bilan hamkorlikda yo‘l harakati xavfsizligini oshirishga qaratilgan loyihani amalga oshirmoqda. Loyiha O‘zbekistonga yo‘l harakati xavfsizligi sohasida tahliliy, tadqiqot hamda ekspert-maslahat yordamini ko‘rsatishni, shu jumladan statistik hisobot va tahlillarni takomillashtirish, uslubiy materiallar ishlab chiqish va aholining huquqiy madaniyatini oshirishni nazarda tutadi.
Amaldagi natijalar va yangi qo‘shma tashabbuslarni muhokama qilish maqsadida Akademiya rahbariyatining O‘zbekistondagi JICA vakolatxonasi rahbarining o‘rinbosari Sero Koki bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda so‘nggi ikki yil davomida Akademiyada JICA ekspertlari tomonidan amalga oshirilayotgan tahliliy va ilmiy-tadqiqot ishlari izchil davom etayotgani qayd etildi, jumladan:
– yo‘l harakati xavfsizligi bo‘yicha statistik ma’lumotlarni to‘plash tizimini takomillashtirish;
– boshqaruv qarorlarini qabul qilishga xizmat qiladigan statistik ma’lumotlarni tahlil qilish va amaliy qo‘llash;
– yo‘l harakati xavfsizligi sohasida aholining huquqiy madaniyatini oshirish, shu jumladan axborot-targ‘ibot va reklama materiallarini ishlab chiqish.
Loyiha doirasida Yangiyo‘l shahrida hamda Toshkent shahrining Yunusobod tumanida pilot tadbirlar amalga oshirildi. JICA ko‘magida avariya o‘choqlari aniqlanib, ularni bartaraf etish maqsadida yo‘l infratuzilmasi obyekti rekonstruksiya qilindi va avariya xavfi bartaraf etildi, bu esa yo‘l-transport hodisalari xavflarini kamaytirish va xavfsiz transport muhitini shakllantirishga xizmat qiladi.
Tomonlar yo‘l-transport vaziyatini tahlil qilishning zamonaviy yondashuvlarini joriy etish, profilaktika choralarini mustahkamlash hamda yo‘l harakati ishtirokchilarining turli guruhlari uchun manzilli axborot kampaniyalarini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma ishlarni davom ettirishga tayyorliklarini tasdiqladilar.