O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida ta’lim dasturlari doirasida bo‘lajak prokuror-tergov sohasi mutaxassislarini amaliy yo‘naltirilgan tarzda tayyorlashga qaratilgan dual ta’lim tizimi to‘laqonli joriy etildi.
Mazkur tizim asosida bakalavriatning “Tergov faoliyati” ta’lim yo‘nalishi bitiruvchi kurs talabalarining kasbiy amaliyoti ularning kelgusidagi ish joylarida tashkil etilgan. Akademiya professor-o‘qituvchilari rahbarligida mamlakat hududlarida talabalar ichki ishlar va prokuratura organlarining tergov bo‘linmalariga biriktirilib, bevosita xizmat faoliyati sharoitlida ta’lim olmoqdalar.
Bunday format talabalarga Akademiyada egallangan nazariy bilimlarni amalda qo‘llash, kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda ta’lim jarayoni bilan tergov amaliyoti o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni ta’minlash imkonini bermoqda.
Akademiya professor-o‘qituvchilari dual ta’lim modeli amalga oshirilishida faol ishtirok etmoqda: ular hududiy organlarga biriktirilgan holda amaliyotchi xodimlar bilan hamkorlikda mashg‘ulotlar o‘tkazish, talabalarga amaliy topshiriqlar berish va ularning natijalarini baholab borish ishlarini amalga oshirmoqda.
Dual ta’lim jarayonida talabalarda jinoyatlarni o‘z vaqtida aniqlash va fosh etish bo‘yicha ko‘nikmalarni shakllantirishga, shuningdek, tergov faoliyatining zamonaviy usul va vositalarini o‘zlashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Mashg‘ulotlar doirasida talabalar tergov-tezkor guruhlari tarkibida hodisa joyiga chiqish, hodisani ko‘zdan kechirish, protsessual harakatlarni bajarish hamda mustaqil ravishda protsessual hujjatlar loyihalarini tayyorlash ko‘nikmalarini takomillashtirmoqda.
Dual ta’limning bunday shakli talabalarning kasbiy tayyorgarlik darajasi va tashabbuskorligini oshirishga, kelgusidagi xizmat faoliyatiga tez moslashishiga hamda huquqni muhofaza qilish tizimida samarali ishlash uchun zarur amaliy kompetensiyalarini shakllantirishga xizmat qiladi.