Akademiyada ta’lim jarayonini amaliyot bilan uzviy bog‘lashga qaratilgan tizimli ishlar doirasida joriy yilning dekabr oyida tashkil etilgan innovatsion darslar oyligi davomida bakalavriatning “Prokurorlik faoliyati” ta’lim yo‘nalishi talabalari uchun prokuror tekshiruvini imitatsion formatda modellashtirishga bag‘ishlangan navbatdagi o‘quv mashg‘uloti o‘tkazildi.
Mazkur o‘quv mashg‘uloti “Prokuror nazorati nazariyasi va amaliyoti” o‘quv moduli doirasida “Prokuror tekshiruvi bosqichlari va uning o‘ziga xos jihatlari” mavzusida tashkil etildi. Uning asosiy maqsadi talabalarda prokuror nazorati sohasidagi nazariy bilimlarni mustahkamlash, shuningdek nazorat tartibida tekshiruv o‘tkazishga doir amaliy ko‘nikmalarni izchil shakllantirishdan iborat bo‘ldi.
O‘quv mashg‘uloti uch bosqichda tashkil etildi. Birinchi bosqichda tekshiruv obyektlari sifatida shartli ravishda turli funksional yo‘nalishlarga ega to‘rtta lokatsiya belgilanib, talabalar o‘rtasida tegishli tekshiruv guruhlari shakllantirildi. Shuningdek, tekshiruv yo‘nalishlari aniqlanib, tekshiruvga oid savollar ro‘yxati ishlab chiqildi.
Ikkinchi bosqichda talabalar belgilangan tekshiruv obyektlarida bevosita ish olib borib, imitatsion formatda prokuror tekshiruvini amalga oshiruvchi mansabdor shaxslar rolini ijro etdilar hamda nazorat tadbirlarini o‘tkazish tartibini amaliyotda qo‘llab ko‘rdilar.
Yakuniy bosqichda esa tekshiruv guruhlari modellashtirish jarayonida aniqlangan holatlar yuzasidan taqdimotlar o‘tkazib, tekshiruv natijalari bo‘yicha tayyorlangan ma’lumotnomalar hamda prokuror ta’sir choralariga oid hujjatlar loyihalarini o‘quv maqsadlarida taqdim etdilar.
Imitatsion formatda tashkil etilgan mazkur o‘quv mashg‘uloti Akademiyada talabalarni kompleks tayyorlashga qaratilgan tizimli yondashuvning muhim tarkibiy qismi sifatida namoyon bo‘lib, auditor mashg‘ulotlar, amaliy yo‘naltirilgan o‘quv shakllari, dual ta’lim doirasidagi tayyorgarlik hamda tegishli organlarda bevosita amaliy faoliyat jarayonida shakllantirilayotgan kasbiy bilim va amaliy ko‘nikmalarni o‘zaro uyg‘un holda to‘ldirishga xizmat qiladi.