O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-yanvardagi PQ-1-sonli hamda 2026-yil 5-yanvardagi PQ-1-sonli qarorlarida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Huquqni muhofaza qilish akademiyasi hududlarda xavfsiz muhitni yaratish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish va aholi xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan faoliyatni uslubiy ta’minlash borasida tizimli ishlar olib bormoqda.
Mazkur faoliyat doirasida jamoat xavfsizligining muhim tarkibiy yo‘nalishlaridan biri hamda aholi uchun dolzarb bo‘lgan yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashga uslubiy va tahliliy ko‘maklashish maqsadida Akademiya Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) bilan hamkorlikda “Road Safety” qo‘shma loyihasini amalga oshirdi.
2026-yil 22-yanvar kuni Akademiyada mazkur qo‘shma loyihaning yakunlariga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Tadbir doirasida ikki yarim yil davomida amalga oshirilgan ishlar natijalari, pilot hududlarda joriy etilgan amaliy yechimlar, ma’lumotlarni tahlil qilishga asoslangan yondashuvlar hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar atroflicha muhokama qilindi.
Konferensiyada davlat organlari va idoralari, soha tashkilotlari, ilmiy hamjamiyat vakillari, amaliyotchi mutaxassislar, ommaviy axborot vositalari, shuningdek JICA delegatsiyasi va yaponiyalik ekspertlar ishtirok etdi. Muhokamalar davomida yo‘l harakati xavfsizligi masalasini alohida sohaviy muammo sifatida emas, balki inson hayoti va salomatligi bilan uzviy bog‘liq kompleks tizim sifatida ko‘rib chiqish zarurligi alohida ta’kidlandi.
Tadbirda so‘zga chiqqan Akademiya boshlig‘ining o‘rinbosari U.U.Nigmadjanov yo‘l harakati xavfsizligi sohasida barqaror natijalarga erishish uchun faqat nazorat choralari yoki infratuzilmaviy yechimlar yetarli emasligini, bu borada ma’lumotlarga tayangan boshqaruv, ilmiy tahlil, profilaktika va ko‘p tarmoqli hamkorlik muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdi. Qo‘shma loyiha aynan shunday tizimli yondashuvni shakllantirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
“Road Safety” qo‘shma loyihasi Akademiyada uzoq muddatli dastur sifatida ikki yarim yil davomida amalga oshirildi. Loyiha doirasida Yaponiyadan jalb etilgan olti nafar mutaxassis ishtirokida yo‘l-transport hodisalarining asosiy sabablarini chuqur tahlil qilish, mavjud statistik ma’lumotlar bilan ishlash, xavf omillarini aniqlash hamda amaliyotga yo‘naltirilgan tavsiyalar ishlab chiqish bo‘yicha kompleks tadqiqotlar olib borildi.
Shuningdek, ma’lumotlarni yig‘ish va tahlil qilish amaliyotini takomillashtirish, avariya xavfi yuqori hududlarni aniqlash usullarini joriy etish, sohaviy mutaxassislar uchun o‘quv-metodik materiallar tayyorlashga alohida e’tibor qaratildi.
Loyiha jarayonida yo‘l harakati xavfsizligi masalasi ko‘p tarmoqli yondashuv asosida ko‘rib chiqildi. Transport sohasi, sog‘liqni saqlash tizimi, ta’lim muassasalari, sug‘urta tashkilotlari va huquqni muhofaza qiluvchi organlar ishtirokida uchrashuvlar hamda ekspert muhokamalari o‘tkazildi. Bu esa profilaktika, infratuzilmaviy choralar, targ‘ibot ishlari va huquqni qo‘llash amaliyoti o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni yanada ravshan namoyon etdi.
Loyihaning muhim amaliy bosqichlaridan biri Toshkent shahrining Yunusobod tumani hamda Toshkent viloyatining Yangiyo‘l shahrida o‘tkazilgan pilot tadbirlar bo‘ldi. Pilot jarayonida yaponiyalik ekspertlar va mahalliy mutaxassislar jamoasi yo‘l-transport hodisalariga oid ma’lumotlarni tahlil qildi, xavfi yuqori nuqtalarni joyiga chiqqan holda o‘rgandi hamda muhandislik va tashkiliy yechimlar taklif etdi.
Shu bilan birga, jamoatchilik bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqot qilish mexanizmi yo‘lga qo‘yilib, fuqarolardan kelib tushgan murojaatlar GIS xarita orqali belgilandi va qo‘shimcha tahliliy manba sifatida qo‘llanildi.
Pilot tadbirlar doirasida ta’lim muassasalari atrofida harakat xavfsizligini oshirish, piyodalar harakatini tartibga solish, harakat tezligini pasaytirish, yo‘l belgilari va chiziqlarini yangilash, ayrim uchastkalarda xavfsizlik orolchalarini tashkil etish ishlari loyiha mablag‘lari hisobidan amalga oshirildi. Shuningdek, maktab o‘quvchilari o‘rtasida yo‘l harakati xavfsizligiga oid ma’rifiy tadbirlar tashkil etildi.
Loyiha doirasida Akademiyada sohaviy mutaxassislar uchun o‘quv-amaliy mashg‘ulotlar ham o‘tkazildi. Mashg‘ulotlar davomida yo‘l-transport hodisalarini o‘rganish usullari, ma’lumotlarni tahlil qilish standartlari, xavf omillarini aniqlash hamda qabul qilinayotgan qarorlarning samaradorligini baholash masalalari amaliy misollar asosida ko‘rib chiqildi. Ayniqsa, xavfli nuqtalarni ilmiy mezonlar asosida belgilash va turli yo‘nalishdagi chora-tadbirlarni o‘zaro uyg‘unlashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
O‘tkazilgan konferensiya va qo‘shma loyiha yakunlari yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashda ma’lumotlarga tayangan, ko‘p tarmoqli hamkorlikka asoslangan tizimli yondashuvning dolzarbligi va amaliy ahamiyatini yana bir bor tasdiqladi. Loyiha doirasida qo‘lga kiritilgan natijalar va ishlab chiqilgan uslubiy yechimlar Akademiya tomonidan kelgusidagi ilmiy-tahliliy, o‘quv-uslubiy hamda ekspert faoliyatida, shu jumladan sohaviy organlar va tashkilotlarga uslubiy ko‘mak ko‘rsatish jarayonida keng qo‘llaniladi.