O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida talabalar, prokuratura organlari xodimlari, shuningdek, boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlarning surishtiruvchilari va tergovchilari uchun masofaviy ta’lim kurslari joriy etilgan bshlib, ayni paytda mazkur masofaviy kurslarni zamonaviy talablar va raqamli transformatsiya jarayonlariga muvofiq ravishda takomillashtirish zarurati mavjud
Xususan, masofaviy kurslar mazmunini sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda ishlab chiqish va takomillashtirish bo‘yicha malakali mutaxassisni ishga jalb etish ehtiyoji yuzaga kelgan.
Tanlov talablariga muvofiq taqdim etilgan hujjatlar ko‘rib chiqilib, ma’qullangan taqdirda, nomzod bilan Akademiya o‘rtasida ikki tomonlama fuqarolik-huquqiy shartnoma tuziladi.
Mutaxassis quyidagi vazifalarni bajarishi lozim:
sun’iy intellekt asosida ishlab chiqiladigan raqamli ta’lim kontentiga qo‘yiladigan talablarni ishlab chiqish, shuningdek, mazkur yo‘nalishda professor-o‘qituvchilarga metodik yordam ko‘rsatish.
sun’iy intellekt asosida video materiallar (AI assistentlar, animatsiya va boshqa)ni ishlab chiqish, ularni montaj qilish, tahrirlash hamda belgilangan sifat standartlariga muvofiq optimallashtirish;
raqamli ta’lim kontentni huquqni muhofaza qiluvchi organlarning faoliyat xususiyatlari, maxsus kiyim-bosh va asbob-uskunalari, shuningdek, prokuratura organlarida xizmatni amalga oshirishning o‘ziga xos jihatlarini inobatga olgan holda milliy kontekstga moslashtirib ishlab chiqish.
sun’iy intellektga asoslangan virtual assistentlar yordamida ko‘p tilli formatda (o‘zbek, rus, ingliz va boshqa tillarda) ta’lim kontentini yaratish;
yaratilgan ta’lim kontentlarini ommalashtirish maqsadida qisqa reklama videolari ishlab chiqish hamda ularni ijtimoiy tarmoqlar talablariga muvofiq formatlash;
sun’iy intellekt sohasidagi yangi texnologiyalarni muntazam o‘rganib borish va ularni amaliyotga joriy etish;
bajarilgan ishlar bo‘yicha hisobotlar tayyorlash hamda ularni belgilangan muddatlarda Akademiyaning elektron ta’lim bo‘limiga taqdim etish.
Nomzodga qo‘yiladigan talablar:
oliy ma’lumotga ega bo‘lishi;
videomontaj hamda raqamli ta’lim kontentlarini ishlab chiqish bo‘yicha amaliy ish tajribasiga ega bo‘lishi;
quyidagi sun’iy intellekt platformalarida ishlash ko‘nikmasiga ega bo‘lishi: ChatGPT, Midjourney, DALL·E, Runway, Synthesia, HeyGen, Adobe Firefly, VEO-3, NanoBanana va boshqalar;
Akademiya professor-o‘qituvchilari bilan samarali hamkorlik qila olish, ijodiy va kreativ fikrlash, mas’uliyatli bo‘lish hamda yuklatilgan vazifalarni belgilangan muddatlarda va yuqori sifat darajasida bajara olish.
Ish shartlari:
ish muddati – 3 (uch) oy; (kelgusida zarurat tug‘ilgan taqdirda, nomzod mehnat shartnomasi asosida ishga qabul qilinishi mumkin);
ish vaqti – haftasiga 5 ish kuni, kuniga 8 soat (40 soatlik ish haftasi);
ish joyi – shartnomada belgilangan tartibda bevosita Akademiyada, shuningdek, Akademiya rahbariyati roziligi bilan masofaviy shaklda ishlash imkoniyati mavjud.
Nomzodlar quyidagi shaxsiy sifatlarga ega bo‘lishlari lozim:
tashabbuskorlik va jamoa bilan samarali ishlash qobiliyati;
mustaqil fikrlash va ijodkorlik;
mas’uliyatlilik hamda belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida va aniq bajarish intizomi.
Tanlovga quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
nomzodning shaxsni tasdiqlovchi hujjati (pasport yoki ID-karta);
ish va o‘qish faoliyati to‘g‘risida ma’lumotnoma (rezyume yoki obyektivka);
oliy ma’lumot to‘g‘risidagi diplom va uning ilovasi (mavjud bo‘lsa, qo‘shimcha sertifikatlar ham taqdim etiladi);
mehnat daftarchasidan ko‘chirma (mavjud bo‘lgan taqdirda, mygov.uz portali orqali);
STIR to‘g‘risidagi ma’lumotnoma.
Hujjatlarni topshirish muddati – 2026-yil 13-fevral (shu kuni ham qabul qilinadi).
Manzil: Toshkent shahri. Yunusobod tumani, Rixsiliy ko‘chasi, 9-uy (mo‘ljal: eski “Zenit” zavodi).