O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limiga tyutor vazifasiga tanlov e’lon qilinadi

O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limiga tyutor vazifasiga tanlov e’lon qilinadi


Hozirgi vaqtda Huquqni muhofaza qilish akademiyasi faoliyatiga Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi tyutori jalb qilish zarurati mavjud.

Tyutor quyidagi vazifalarni bajaradi:

Ta’lim oluvchilarning ma’naviy, axloqiy va kasbiy tarbiyasi bilan muntazam shug‘ullanish.

Ta’lim oluvchilarning o‘quv, ma’naviy va ilmiy faoliyatini muvofiqlashtirish va monitoring qilib borish.

Ta’lim oluvchilarning o‘zlashtirishi va darslarda ishtirok etishini muntazam nazorat qilib borish hamda tahlil etish.

Yotoqxonada, ijara, yaqin qarindoshi va o‘z uyida yashovchi ta’lim oluvchilarning yashash manzillariga muntazam (har ikki oyda kamida bir marotaba) borib, u yerdagi sharoitlarni o‘rganib borish va ularni yaxshilash choralarini ko‘rish.

O‘ziga biriktirilgan guruhlardagi ta’lim oluvchilar bilan reja-jadval asosida ma’naviy-ma’rifiy va ijtimoiy-siyosiy yo‘nalishlarda suhbatlar o‘tkazib borish, ta’lim oluvchilarning ota-onalari bilan muntazam ravishda muloqotlar tashkil etish.

Guruhlarda dars jadvali asosida har haftada bir marta “Axborot va murabbiylik soati”, “Soft skills” treninglari o‘tilishini tashkil etish hamda uning samaradorligini ta’minlash.

Tyutorlik guruhlaridagi ta’lim oluvchilarning individual yig‘ma jildini (portfoliosi) shakllantirish va yuritish, “Tyutorlik soatlari” darsi va ish rejasidagi tadbirlarni qayd qilish jurnalini yuritib borish.

Ta’lim oluvchilarning odobi, xulqi, Ichki tartib qoidalarga rioya etishi yuzasidan ota-onalar bilan muntazam uchrashib tegishli ma’lumotlarni yetkazish.

Ta’lim oluvchilar va ularning ota-onalarini yoki boshqa qonuniy vakillarini Ichki tartib qoidalari, Akademiya Yotoqxonasi ichki tartib qoidalari va ta’lim faoliyatini tartibga soluvchi boshqa normativ hujjatlar bilan tanishtirish.

Ta’lim oluvchilar bilan bog‘liq favqulodda muammoli vaziyatlar yuzasidan zudlik bilan Akademiya rahbariyatiga axborot berish.

Ta’lim oluvchilar o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning hamda diniy ekstremizmning oldini olish bo‘yicha soha mutaxassislari ishtirokida muntazam tushuntirish ishlarini olib borish.

Alkogol, tamaki va psixotrop vositalar iste’mol qilishning zararli oqibatlari xususida doimiy profilaktik ishlarni tashkil etish.

Moddiy yordamga muhtoj ta’lim oluvchilarni aniqlash, ularni ijtimoiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Rahbariyatga taklif kiritish.

Ta’lim oluvchilarning Ichki tartib qoidalari va boshqa ichki (lokal) hujjatlarda belgilangan talablarga mos ravishda bo‘lishlarini nazorat qilish va ushbu hujjatlarni buzgan ta’lim oluvchilarga tegishli choralar ko‘rish yuzasidan taklif kiritish.

O‘zi mas’ul etib belgilangan ta’lim oluvchilar klubi va to‘garaklar ishini tashkil etish, ularga ta’lim oluvchilar a’zoligini maksimal darajada ta’minlash va ta’lim oluvchilarning ushbu to‘garaklar faoliyatidagi ishtiroki monitoringini yuritish.

O‘z mahorati, kasbiy tayyorgarligi, nazariy bilim va ish tajribasini doimiy ravishda oshirib borish.

Tyutor o‘z faoliyatida amaldagi qonun hujjatlari, Akademiya lokal hujjatlari hamda boshqa majburiyatlarni ham bajaradi.

Nomzodga qo‘yiladigan talablar:

Tyutorlar oliy ma’lumotga ega bo‘lishi.

25 yoshdan kichik, 55 yoshdan katta bo‘lmasligi.

pedagogik va psixologik, o‘quv-tarbiyaviy, o‘quv-uslubiy, ta’lim tizimida boshqaruv faoliyati bilan shug‘ullangan, yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishda 2-yildan kam bo‘lmagan mehnat stajiga ega bo‘lishi.

qonunchilik hujjatlariga muvofiq ta’lim berish huquqidan mahrum etilmagan bo‘lishi.

mas’uliyat hissi, mustaqil ish tutish xususiyatlariga ega bo‘lishi.

Tyutorlikka ishga qabul qilish Akademiya ichki lokal hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi va Akademiya rahbari buyrug‘i bilan amalga oshiriladi.

Talablar: tashabbuskorlik, jamoa bilan hamnafas ishlash, berilgan topshiriqlarni o‘z vaqtida bajarish,

Ish vaqti: haftasiga 40 soatlik, 5 kunlik ish rejimini tashkil etadi.

Talabgor Akademiya Kadrlar bo‘limiga fuqarolik pasporti yoki ID kartasi bilan shaxsan murojaat qilib, tegishli hujjatlar (shaxsini tasdiqlovchi hujjat, obyektivka, oliy ma’lumot haqida diplom va uning ilovasi, STIR ma’lumotnomasini taqdim etishi lozim. Taqdim etilgan hujjatlar o‘rganib chiqilganidan so‘ng zaruratga ko‘ra talabgor bilan komissiya tarkibida suhbat o‘tkaziladi.

Hujjatlarni topshirish muddati 2026-yil 27-fevralga qadar.

Manzil: Toshkent sh. Yunusobod tumani Rixsili 9.

Tel.: 71 202 04 96 (1972)