Kelajak tergovchilari uchun ochiq muloqot: Akademiyada “Ochiq eshiklar kuni” o‘tkazildi

Kelajak tergovchilari uchun ochiq muloqot: Akademiyada “Ochiq eshiklar kuni” o‘tkazildi


Huquqni muhofaza qilish akademiyasida shakllangan an’anaga muvofiq, har yili umumiy o‘rta ta’lim muassasalari bitiruvchilari, ularning ota-onalari hamda jamoatchilik vakillari uchun “Ochiq eshiklar kuni” tadbirlari tashkil etib kelinmoqda. Mazkur tadbirlar yoshlarning huquqiy sohadagi ta’lim imkoniyatlari bilan yaqindan tanishishi, Akademiya faoliyati haqida xolis va batafsil ma’lumot olishiga xizmat qiladi.

Akademiyada Jizzax viloyati Yuridik texnikumi bitiruvchilari uchun “Tergov faoliyati” bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga o‘qishga qabul qilish tartibiga bag‘ishlangan navbatdagi “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri o‘tkazildi.

Tadbir davomida ishtirokchilarga qabul jarayonining bosqichlari, tanlov mezonlari, o‘quv dasturining mazmun-mohiyati va ta’lim jarayonining o‘ziga xos jihatlari haqida batafsil ma’lumot berildi. Shuningdek, talabalar uchun yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar, amaliy mashg‘ulotlar o‘tkaziladigan maxsus o‘quv laboratoriyalari namoyish etildi.

Xususan, kriminalistika, poligrafiya, so‘roq qilish, sud jarayoni immitatsiyasi, sud-tibbiyot ekspertizasi bo‘yicha o‘quv laboratoriyalarida namunaviy amaliy mashg‘ulotlar ko‘rsatilib, kelajak tergovchilarning kasbiy ko‘nikmalarni shakllantirish jarayoni amalda qanday tashkil etilishi tushuntirildi. Bu esa bitiruvchilarda nazariy bilim bilan amaliyot uyg‘unligini ta’minlashga qaratilgan ta’lim modeli haqida aniq tasavvur hosil qildi.

Tadbir ishtirokchilari Akademiyaga o‘qishga qabul qilish tartibi, ta’lim jarayoni, talabalar uchun yaratilgan imkoniyatlar hamda kelgusidagi xizmat faoliyati istiqbollari yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldilar.

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi jinoyatlarni tergov qilish sohasida kadrlarni amaliyot bilan uzviy bog‘liq holda, yagona yondashuv asosida tayyorlashga qaratilgan uzluksiz o‘quv tizimini yo‘lga qo‘ygan. Akademiyada “Tergov faoliyati” bakalavriat ta’lim yo‘nalishida talabalar dastlabki tergov va surishtiruv organlarining tergov tarmoqlarida samarali xizmat qilishga tayyorlanmoqda.

“Ochiq eshiklar kuni” tadbiri ochiqlik, shaffoflik va yuqori tashkiliy saviyada o‘tkazilib, ishtirokchilarda Akademiya faoliyati va uning ta’lim tizimiga nisbatan ijobiy fikr shakllantirdi.