Raqamli kriminalistika va OSINT: odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatlarni tergov qilishning yangi yondashuvlari xalqaro ekspertlar ishtirokida muhokama qilindi

Raqamli kriminalistika va OSINT: odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatlarni tergov qilishning yangi yondashuvlari xalqaro ekspertlar ishtirokida muhokama qilindi


Huquqni muhofaza qilish akademiyasida Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari bo‘yicha milliy komissiya hamda YEXHTning O‘zbekistondagi loyihalar koordinatori bilan hamkorlikda odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatlarni tergov qilishda raqamli texnologiyalardan foydalanish va OSINT (ochiq manbalar asosidagi razvedka) negizida proaktiv onlayn tergov o‘tkazishga bag‘ishlangan xalqaro seminar-trening bo‘lib o‘tdi.

Ikki kun davomida Shvetsiya, Niderlandiya va Polsha huquqni muhofaza qilish organlari vakillari hamda Akademiyaning Raqamli kriminalistika ilmiy-tadqiqot instituti mutaxassislari rahbarligida ishtirokchilar onlayn tergov o‘tkazish va OSINT vositalaridan foydalanish bo‘yicha ilg‘or xorijiy va milliy tajribani o‘rgandilar. Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlar, messenjerlar, onlayn o‘yinlar, darknet va sun’iy intellektdan jinoiy maqsadlarda foydalanish bilan bog‘liq xavflar atroflicha muhokama qilindi.

Seminar-treningning amaliy qismi ishtirokchilarda xavfli platformalarni aniqlash, OSINT instrumentlaridan foydalanish, veb-infratuzilmani tahlil qilish hamda real keyslar asosida ma’lumotlarni to‘plash va qayta ishlash ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratildi.

Trening yakunida ta’lim va amaliy faoliyatda OSINT vositalari va raqamli kriminalistikaning boshqa usullarini samarali qo‘llash bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi. Shuningdek, huquqni muhofaza qilish organlari uchun malakali kadrlar tayyorlash tizimiga proaktiv onlayn tergov bo‘yicha o‘quv modullarini integratsiya qilish masalalari muhokama qilindi.