O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 15-yanvardagi “Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va aholi o‘rtasida kitob o‘qishga qiziqishni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-9-son qarori ijrosi doirasida Huquqni muhofaza qilish akademiyasida kitobxonlik madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar izchil tashkil etilmoqda.
Akademiya xodimlari va talabalari ishtirokida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, detektiv asarlar muallifi Zulayho Masharipova bilan ijodiy uchrashuv o‘tkazildi. Uchrashuv o‘zbek adiblari hayoti va ijodi, shuningdek zamonaviy adabiyotning yoshlar ma’naviy kamolotidagi o‘rniga bag‘ishlandi.
Tadbir davomida asli kasbi huquqshunos bo‘lgan iste’dodli ijodkor Zulayho Masharipova “Tamg‘a”, “Niqob”, “Xato”, “Qasam”, “Dahshatli nikoh”, “Hammasiga onam sabab” kabi asarlarining yaratilish tarixi, ularda aks etgan hayotiy voqeliklar va detektiv janrning o‘ziga xos jihatlari haqida atroflicha fikr bildirdi. Shuningdek, adiba o‘z hayot yo‘li va ijodiy faoliyati haqida samimiy mulohazalar bilan o‘rtoqlashdi.
Uchrashuv interaktiv muloqot ruhida o‘tib, ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar hamda ma’naviy va intellektual jihatdan boy taassurotlarga ega bo‘ldilar.
Mazkur tadbir xodimlar va talabalarning kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, ma’naviy dunyoqarashini kengaytirish, tanqidiy fikrlash va tahliliy ko‘nikmalarini rivojlantirishga xizmat qildi.