Huquqni muhofaza qilish akademiyasiga kirish istagida bo‘lgan fuqarolar uchun “PreAcademy” tayyorlov kurslari ishga tushmoqda

Huquqni muhofaza qilish akademiyasiga kirish istagida bo‘lgan fuqarolar uchun “PreAcademy” tayyorlov kurslari ishga tushmoqda


Akademiyaga o‘qishga kirishni rejalashtirayotgan shaxslarni yildan yilga takomillashib borayotgan kirish imtihonlariga tayyorlash uchun “PreAcademy” ixtisoslashtirilgan tayyorlov kurslari ishga tushishini ma’lum qilamiz. O‘quv kurslari joriy yilning 2-martidan boshlab o‘z ishini boshlaydi.

Ushbu Tayyorlov kurslari nomzodlarni nafaqat Huquqni muhofaza qilish akademiyasiga, balki boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlarining ixtisoslashtirilgan oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlariga sifatli va har tomonlama tayyorlashga qaratilgan.

“PreAcademy” kurslarining o‘quv rejasi huquqni muhofaza qiluvchi organlar xizmatiga qabul qilinuvchi nomzodlarga qo‘yiladigan zamonaviy talablarni inobatga olgan holda ishlab chiqilgan bo‘lib, kirish imtihonlariga kiritilgan barcha fanlarni qamrab oladi. To‘liq dastur davlat va huquq asoslari, psixologiya, akademik yozuv, ona tili va adabiyot, matematika va chet tili kabi fanlarni o‘z ichiga oladi.

Dastlabki o‘quv kurslari intensiv uch oylik tayyorgarlikka mo‘ljallangan bo‘lib, quyidagi uchta tayanch fan bo‘yicha kirish imtihonlariga tayyorlashga asoslanadi:

1. Davlat va huquq asoslari – konstitutsiyaviy huquq, davlat hokimiyati faoliyati mexanizmlari hamda milliy huquqiy tizim asoslari haqida chuqur tushunchani shakllantirish.

2. Psixologik tayyorgarlik – huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimi uchun zarur bo‘lgan stressga chidamlilik, tahliliy fikrlash, muloqot ko‘nikmalari hamda ma’naviy-irodaviy xislatlarni rivojlantirish.

3. Akademik yozuv – test sinovlari jarayonida kerak bo‘lgan yozuv ko‘nikmalar hamda kelgusi o‘qish paytida zarur bo‘lgan skillar.

Nomzodlarga quyidagi formatlarda o‘qish tanlov imkoniyati taqdim etiladi:

                An’anaviy (oflayn) shaklda – bevosita Akademiya bazasida o‘tkaziladi.

        Masofaviy (onlayn) shaklda – zamonaviy raqamli ta’lim texnologiyalaridan foydalangan holda o‘tkaziladi.

   Mashg‘ulotlar Huquqni muhofaza qilish akademiyasining yuqori malakali mutaxassislar va amaliyotchi ekspertlari hamda tegishli sohalarning mutaxassislari tomonidan ilg‘or pedagogik metodikalar qo‘llangan holda olib boriladi.

Ro‘yxatdan o‘tish va aloqa

“PreAcademy” dasturining amaliyotga tatbiq etilishi Akademiyaning huquqni muhofaza qiluvchi organlar uchun yangi avlod kadrlarini tanlash va tayyorlash tizimini modernizatsiya qilishda strategik qadamidir.

Kursning tuzilishi, qabul shartlari haqida batafsil ma’lumot olish va rasmiy elektron ro‘yxatdan o‘tish Huquqni muhofaza qilish akademiyasining maxsus ta’lim platformasida quyidagi havola orqali amalga oshiriladi:

https://foundation.proacademy.uz/home