2026-yil 16-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida «O‘zbekiston Respublikasi huquqni muhofaza qilish organlari uchun kadrlar tayyorlashda zamonaviy yondashuvlar: kiberxavfsizlik, sun’iy intellekt va axborot texnologiyalari» mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tadi.
Tadbir doirasida huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining malakasini oshirishning ikki bosqichli yangi mexanizmi taqdim etiladi. Unga ko‘ra, dastlab Akademiya bazasida tayyorgarlikdan o‘tgan xodimlar keyinchalik xorijiy yetakchi ta’lim va ilmiy markazlarda stajirovka o‘taydi.
2026-yilda 50 nafar xodimni xorijda o‘qitish rejalashtirilgan bo‘lib, mazkur jarayon «El-yurt umidi» jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.
Konferensiyada huquqni muhofaza qiluvchi va kuch tuzilmalari rahbarlari hamda milliy va xorijiy ekspertlar ishtirok etishi kutilmoqda.