O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan «Yuridik fan va huquqni qo‘llash amaliyotining dolzarb masalalari» mavzusidagi respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Konferensiyada Toshkent davlat yuridik universiteti, O‘zbekiston Respublikasi Odil sudlov akademiyasi, Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markazi hamda boshqa milliy hamkor tashkilotlar vakillari, shuningdek Belarus Respublikasining Yanka Kupala nomidagi Grodno davlat universiteti, Latviya Respublikasining «Turiba» universiteti yuridik fakulteti professor-o‘qituvchilari, yosh olimlar va tadqiqotchilar ishtirok etdi.
Tadbirning asosiy maqsadi yuridik fanni rivojlantirish, huquqni qo‘llash amaliyoti bilan ilmiy tadqiqotlar o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni mustahkamlash hamda sohadagi dolzarb masalalar yuzasidan ilmiy asoslangan taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat bo‘ldi.
Konferensiya doirasida ilm-fan va innovatsiyalarni rivojlantirish, ilmiy loyihalarni moliyalashtirish va tijoratlashtirish, yuridik kadrlar tayyorlash, qonunchilikni takomillashtirish hamda huquqni qo‘llash amaliyoti samaradorligini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, inson huquqlarini ta’minlash, fuqarolik va ma’muriy sud ishlarini yuritish, mehnat nizolari, jinoyat-protsessual isbotlash, atrof-muhitni muhofaza qilish, nostandart bandlikni huquqiy tartibga solish kabi yo‘nalishlar bo‘yicha fikr almashildi.
Tadbirda sun’iy intellekt va blokcheyn texnologiyalarini huquqni qo‘llash amaliyotiga joriy etish bilan bog‘liq huquqiy masalalar, korrupsiyaga qarshi kurashish, jinoyatlarni kriminalizatsiya qilish hamda yangi institutsional mexanizmlarni joriy etishning zamonaviy yondashuvlari ham muhokama markazida bo‘ldi.
Konferensiya yakunlari bo‘yicha yuridik fanni rivojlantirish, qonunchilikni takomillashtirish va huquqni qo‘llash amaliyoti samaradorligini oshirishga qaratilgan ilmiy-amaliy tavsiyalar ishlab chiqilishi ta’kidlandi. Tadbir materiallari asosida ilmiy maqolalar to‘plami chop etilishi rejalashtirildi.