O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasiga Turkiya Respublikasi Adliya akademiyasi prezidenti Metin Yildirim boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi.
Tashrif doirasida tomonlar prokuratura va tergov organlari uchun kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishning zamonaviy mexanizmlari, yuridik ta’lim tizimiga ilg‘or pedagogik yondashuvlar va raqamli texnologiyalarni joriy etish, shuningdek ta’lim, ilm-fan va huquqni qo‘llash amaliyoti integratsiyasi masalalari yuzasidan fikr almashdilar.
Mehmonlarga Akademiyada amalga oshirilayotgan amaliyotga yo‘naltirilgan ta’lim jarayonlari, raqamli kriminalistika sohasidagi ilmiy va amaliy ishlanmalar, Korrupsiyaga qarshi kurashish virtual akademiyasi faoliyati, shuningdek zamonaviy kriminalistik poligonlar, maxsus laboratoriyalar, sud jarayonlari imitatsiyasi zallari va boshqa maxsus o‘quv obyektlari tanishtirildi.
Turkiya tomoni Akademiyada joriy etilgan innovatsion yondashuvlar, raqamli kriminalistika infratuzilmasi, zamonaviy o‘quv muhiti hamda yuqori malakali kadrlar salohiyatini alohida e’tirof etdi.
Uchrashuv davomida huquqni muhofaza qilish sohasi uchun kadrlar tayyorlashda tajriba almashish, qo‘shma ta’lim va ilmiy loyihalarni amalga oshirish, shuningdek institutsional hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.
Muzokaralar yakunlari bo‘yicha tomonlar ikki davlat o‘rtasida huquqiy ta’lim va professional tayyorgarlik sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashdan manfaatdor ekanliklarini tasdiqladilar.