Xavfsiz mahalla va zamonaviy boshqaruv: Akademiya hokim yordamchilari uchun maxsus sayyor o‘quv kursini o‘tkazmoqda

Xavfsiz mahalla va zamonaviy boshqaruv: Akademiya hokim yordamchilari uchun maxsus sayyor o‘quv kursini o‘tkazmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-yanvardagi PQ–1-son, PQ–2-son qarorlari va boshqa tegishli hujjatlar, shuningdek, joriy yil 27-yanvar kuni Toshkent shahrida xavfsiz muhitni shakllantirish hamda jamoat xavfsizligini samarali ta’minlash bo‘yicha namunaviy amaliyotni yaratish chora-tadbirlari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlashga qaratilgan amaliy ishlarni davom ettirmoqda.

Mazkur ishlar doirasida Akademiya tomonidan Toshkent shahrining Akademiyaga biriktirilgan Yashnobod, Shayxontohur va Bektemir tumanlaridagi barcha 136 ta mahallada faoliyat yuritayotgan hokim yordamchilari uchun maxsus sayyor o‘quv kursi tashkil etilmoqda. Mashg‘ulotlar Akademiyaning professor-o‘qituvchilari va sohaviy mutaxassislari tomonidan olib borilmoqda.

O‘quv kursi hokim yordamchilarining zamonaviy boshqaruv ko‘nikmalarini rivojlantirish, joylarda ish samaradorligini oshirish, ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlash, raqamli transformatsiya jarayonlarini jadallashtirish hamda aholi muammolarini o‘z vaqtida aniqlash va hal etish uchun zarur amaliy kompetensiyalarni shakllantirishga qaratilgan.

Mashg‘ulotlar davomida ishtirokchilarga jinoyatlarni barvaqt oldini olish, ijtimoiy profilaktika, narkojinoyatlarga qarshi kurashish, ma’muriy-yurisdiksion faoliyat, amaliy psixologiya, amaliy sotsiologiya, raqamli savodxonlik va kibermadaniyatni shakllantirish kabi yo‘nalishlar bo‘yicha amaliy bilimlar berilmoqda.

Shu bilan birga, aholini kasbga tayyorlash, chet tillariga o‘qitish, fuqarolarni tadbirkorlikka jalb etish, mahallalarni ixtisoslashtirish, kooperatsiya va drayver yo‘nalishlarni rivojlantirish, mahalla imkoniyatlaridan samarali foydalanish, aholi bandligini ta’minlash, fuqarolar murojaatlari bilan ishlash, zamonaviy axborot tizimlari va raqamli platformalardan foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Kursning muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida kibermadaniyatni rivojlantirish va kiberxavflardan himoyalanish masalalari ham qamrab olingan bo‘lib, bu raqamli xizmatlar kengayib borayotgan hamda axborot texnologiyalarining joylardagi faoliyatdagi o‘rni ortib borayotgan hozirgi sharoitda alohida ahamiyat kasb etadi.

Mashg‘ulotlarda asosiy e’tibor hokim yordamchilarining kasbiy kompetensiyalarini mustahkamlash, rahbarlik salohiyati, tezkor qaror qabul qilish, raqamli muhitda samarali ishlash hamda aholiga sifatli xizmat ko‘rsatish ko‘nikmalarini yanada rivojlantirishga qaratilmoqda.

O‘quv jarayoni yakunida ishtirokchilarning bilim va ko‘nikmalari yakuniy nazorat asosida baholanadi hamda mashg‘ulotlarni muvaffaqiyatli tamomlaganlarga Akademiyada malaka oshirganligi to‘g‘risidagi sertifikatlar berilishi rejalashtirilgan.

Mazkur maxsus kurs mahalla darajasida samarali boshqaruv tizimini yo‘lga qo‘yish, belgilangan vazifalarni sifatli bajarish, huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimini kuchaytirish hamda hududlarni raqamli jamiyat sharoitiga moslashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Akademiyaning mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirishga qaratilgan amaliy ishlari izchil davom ettirilmoqda.

Telegram Facebook