«TASHKENT CYBERLEX – 2026»: huquq, xavfsizlik va texnologiyalar bo‘yicha xalqaro muloqot

«TASHKENT CYBERLEX – 2026»: huquq, xavfsizlik va texnologiyalar bo‘yicha xalqaro muloqot

2026-yil 21–22-may kunlari O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida «Raqamli davrda qonun ustuvorligini ta’minlash: innovatsiyalar, inson huquqlari va xavfsizlik mutanosibligi» mavzusida «Tashkent Cyberlex – 2026» xalqaro ilmiy-amaliy forumi o‘tkaziladi.

Forum zamonaviy raqamli tahdidlarga qarshi kurashishning huquqiy, kriminalistik va ta’limga oid jihatlarini muhokama qilish uchun xalqaro ekspertlar maydoniga aylanadi. Kiberjinoyatlarni fosh etish, raqamli kriminalistikani rivojlantirish, raqamli dalillardan foydalanish, jinoyat sud ishlarini yuritishda sun’iy intellektni qo‘llash, shuningdek raqamli transformatsiya sharoitida shaxsning huquq va erkinliklarini himoya qilish masalalari forumning asosiy muhokama yo‘nalishlari bo‘ladi.

Tadbirda davlat organlari rahbarlari, milliy va xorijiy huquqni muhofaza qiluvchi tuzilmalar, oliy ta’lim va ilmiy muassasalar, xalqaro tashkilotlar vakillari, shuningdek raqamli kriminalistika, kiberxavfsizlik va kriptoaktivlar tahlili sohasidagi yetakchi ekspertlar hamda kompaniyalar ishtirok etishi rejalashtirilgan.

Forum dasturi yalpi majlis hamda yuridik fan va ta’limga innovatsiyalarni joriy etish, kiberhuquq, raqamli kriminalistika va sun’iy intellektni rivojlantirish, kiberjinoyatlarni tergov qilishning zamonaviy usullari, raqamli dalillar bilan ishlash, shuningdek sun’iy intellektni jinoyat sud ishlarini yuritishda qo‘llashning huquqiy, etik va protsessual jihatlariga bag‘ishlangan qator parallel sessiyalarni o‘z ichiga oladi.

IRZ ko‘magida o‘tkaziladigan maxsus sessiya raqamli dalillar va kriptoaktivlar, shuningdek aktivlarni qaytarish bo‘yicha xalqaro hamkorlik sohasida Germaniya tajribasiga bag‘ishlanadi.

Forum gibrid shaklda, o‘zbek, ingliz va rus tillarida o‘tkaziladi. Tadbir yakunlari bo‘yicha ilmiy maqolalar to‘plamini nashr etish rejalashtirilgan.

Ommaviy axborot vositalari vakillarini mazkur tadbirda ishtirok etishga taklif etamiz. Ishtirok etish uchun quyidagi havola orqali ro‘yxatdan o‘tish mumkin.

Telegram Facebook