Madaniy meros obyektlari va kolleksiyalarini muhofaza qilish bo‘yicha seminar-trening o‘tkazildi

Madaniy meros obyektlari va kolleksiyalarini muhofaza qilish bo‘yicha seminar-trening o‘tkazildi

O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi AQSHning O‘zbekistondagi elchixonasi bilan hamkorlikda prokuratura, bojxona organlari hamda Madaniy meros agentligi xodimlari uchun “Madaniy meros obyektlari va kolleksiyalarini muhofaza qilishni kuchaytirish” mavzusida seminar-trening tashkil etdi.

Uch kun davom etgan trening ARGUS Cultural Property Consultants xalqaro ekspertlari ishtirokida o‘tkazilib, madaniy meros obyektlari va kolleksiyalarini muhofaza qilish, yo‘qolgan va o‘g‘irlangan madaniy boyliklarni qidirish, aniqlash va qaytarish, shuningdek, mazkur yo‘nalishda xalqaro hamkorlikni rivojlantirish masalalariga bag‘ishlandi.

Trening doirasida ishtirokchilar milliy va xalqaro standartlar, AQSH qonunchiligining asosiy jihatlari, favqulodda vaziyatlarda harakatlanish algoritmlari, madaniy mulkka oid jinoyatlar bo‘yicha hodisa joyini ko‘zdan kechirish, muzeylar xavfsizligini ta’minlash hamda yetkazilgan zararni baholash bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘ldilar.

Shuningdek, madaniy boyliklar o‘g‘irlanishining oldini olish, ehtimoliy xavflarga tayyorgarlik ko‘rish, tahdid ssenariylariga tezkor va samarali javob qaytarish, amaldagi siyosat va protokollarni takomillashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Mazkur seminar-trening ishtirokchilarning madaniy meros obyektlari va kolleksiyalarini muhofaza qilish, yo‘qolgan yoki o‘g‘irlangan madaniy mulkni aniqlash, qidirib topish va qaytarish sohasidagi bilim va kasbiy kompetensiyalarini yanada oshirishga xizmat qildi.

Seminar yakunida ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi.

Telegram Facebook