“TASHKENT CYBERLEX–2026”: yuridik fan va ta’limning raqamli kelajagi muhokama markazida

“TASHKENT CYBERLEX–2026”: yuridik fan va ta’limning raqamli kelajagi muhokama markazida

“TASHKENT CYBERLEX – 2026” xalqaro ilmiy-amaliy forumi doirasida tashkil etilgan birinchi parallel sessiya huquqshunoslik ilmi, yuridik ta’lim va huquqni qo‘llash amaliyotining raqamli transformatsiya sharoitidagi rivojlanish istiqbollariga bag‘ishlandi.

“Yuridik fan va ta’limdagi innovatsiyalar: kiberhuquq, raqamli kriminalistika va sun’iy intellekt” mavzusida o‘tkazilgan sessiya raqamli texnologiyalar jadal rivojlanayotgan sharoitda yuridik ilm-fan va ta’lim oldida turgan yangi vazifalarni muhokama qilishga qaratilgan nufuzli xalqaro ekspert maydoniga aylandi.

Muhokamalar markazida kiberhuquq, raqamli kriminalistika, sun’iy intellekt, raqamli dalillar, kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish, yuridik ta’limni modernizatsiya qilish hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar uchun yangi avlod ilmiy-pedagogik kadrlarini tayyorlash kabi dolzarb masalalar o‘rin oldi.

Sessiya ishida Vetnam Sotsialistik Respublikasi Oliy xalq prokuraturasi huzuridagi Prokuratura universiteti rektori Nguyen Van Khoat, Isroil politsiyasi Sud ekspertizasi bo‘linmasi va Raqamli dalillar laboratoriyasi vakili Chibel Ron, AQSHning Texas universiteti El-Paso filiali professori Lienn Alarid, Yaponiya Oliy prokuraturasi katta prokurori Koyama Tixiro, Koreya Respublikasi eksperti Kim Don Xyon hamda milliy ilmiy va ta’lim muassasalari vakillari ishtirok etdi.

Xorijiy va milliy ekspertlar raqamli muhitda prokurorlik ta’limi, sud ekspertizasini yuqori texnologiyalar asosida rivojlantirish, sun’iy intellektning davlat boshqaruvi va sud-huquq tizimidagi o‘rni, “qora quti” algoritmlarini huquqiy tushuntirish, raqamli huquq ta’limi, kiber-huquqiy kompetensiyalar va kriptoaktivlar bilan bog‘liq huquqiy muammolar bo‘yicha ilmiy va amaliy yondashuvlarini taqdim etdi.

Shuningdek, O‘zbekistonning yetakchi ilmiy va ta’lim muassasalari vakillari tomonidan yuridik ta’limning raqamli transformatsiyasi, sun’iy intellektdan huquqni muhofaza qilish va sud amaliyotida foydalanish, virtual ta’lim ekotizimlari hamda yuridik ilm-fanning raqamli rivojlanish strategiyasiga oid muhim taklif va yondashuvlar ilgari surildi.

Ta’kidlanganidek, raqamli transformatsiya huquqshunoslik ilm-fani va ta’lim tizimi uchun nafaqat yangi texnologiyalarni, balki huquqiy tafakkur, tadqiqot metodologiyasi va kadrlar tayyorlashning mutlaqo yangi modellarini talab etmoqda.

Birinchi parallel sessiya “TASHKENT CYBERLEX–2026” forumining eng mazmunan boy va strategik ahamiyatga ega ilmiy maydonlaridan biri sifatida yuridik fan, ta’lim va amaliyotni raqamli davr talablari asosida yangilashga qaratilgan g‘oyalar, ilmiy yondashuvlar va amaliy takliflarni birlashtirdi.

Telegram Facebook