Kelajak liderlarini tarbiyalash: Konsorsiumning ta’lim tashabbusi

Kelajak liderlarini tarbiyalash: Konsorsiumning ta’lim tashabbusi

Huquqni muhofaza qiluvchi organlarning oliy ta’lim tashkilotlari konsorsiumi hamda O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi tashabbusi bilan tashkil etilgan o‘quv-seminar zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega, strategik fikrlaydigan hamda jamoada samarali ishlay oladigan yosh mutaxassislarni tayyorlashga qaratilgan muloqot va tajriba almashish maydoniga aylandi.

Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida joylashgan “Yoshlar oromgohi”da o‘tkazilgan tadbirda Huquqni muhofaza qilish akademiyasi talabalari, shuningdek Jamoat xavfsizligi universiteti, Ichki ishlar vazirligi akademiyasi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasi va Bojxona instituti kursantlari ishtirok etdilar.

Besh kunlik dastur strategik liderlik, zamonaviy davlat boshqaruvi, mediakommunikatsiyalar, yoshlar siyosati, kiberxavfsizlik, sun’iy intellekt, ma’lumotlar tahlili hamda innovatsion fikrlash kabi dolzarb yo‘nalishlarni qamrab oldi.

Dastur doirasida soha mutaxassislari va ekspertlari ishtirokida uchrashuvlar, amaliy mashg‘ulotlar va jamoaviy loyihalar tashkil etildi. Bu esa ishtirokchilarning tashabbuskorligi, muloqot madaniyati, strategik fikrlash va jamoada samarali ishlash ko‘nikmalarini rivojlantirishga xizmat qildi.

Shuningdek, Konsorsiumga a’zo oliy ta’lim muassasalari talabalari va kursantlari o‘rtasida o‘zaro tajriba almashish, professional aloqalarni mustahkamlash va kelgusida qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish uchun samarali hamkorlik muhiti shakllandi.

Mazkur loyiha huquqni muhofaza qiluvchi organlar tizimi uchun yuksak liderlik salohiyatiga ega, zamonaviy fikrlaydigan va o‘zgaruvchan sharoitlarda samarali faoliyat yuritishga qodir kadrlarni tayyorlashga qaratilgan sa’y-harakatlarning amaliy ifodasi bo‘ldi.

Telegram Facebook