Raqamli dalillar bilan ishlash: Samarqandda tergovchilar uchun amaliy seminar

Raqamli dalillar bilan ishlash: Samarqandda tergovchilar uchun amaliy seminar

Huquqni muhofaza qilish akademiyasining Raqamli kriminalistika ilmiy-tadqiqot instituti mutaxassislari tomonidan Samarqand viloyati prokuraturasi hamda viloyat ichki ishlar organlari tergovchilari uchun axborot texnologiyalari yordamida sodir etilayotgan jinoyatlarni aniqlash va tergov qilish masalalariga bag‘ishlangan o‘quv-amaliy seminar o‘tkazildi.

Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida joriy yilning 27-yanvar kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilangan, xususan, tergov sifatini tubdan oshirish va uning shaffofligini ta’minlashga qaratilgan vazifalar ijrosi doirasida tashkil etildi.

Seminarda kiberjinoyatlarni fosh etishda tezkor axborot almashinuvini ta’minlash, raqamli dalillarni olish, qayd etish va saqlash jarayonida ularning yaxlitligi hamda dalillar zanjiri saqlanishini ta’minlash masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, elektron qurilmalar va onlayn platformalardagi axborot bilan ishlash, raqamli izlarni aniqlash, olingan ma’lumotlarni protsessual tartibda mustahkamlash hamda ularga huquqiy baho berishning muhim jihatlari yuzasidan tushuntirishlar berildi.

Tadbir davomida ishtirokchilar tergov amaliyotida yuzaga kelayotgan dolzarb masalalarni muhokama qilib, kiberjinoyatlarni tergov qilishda zamonaviy yondashuvlarni qo‘llash bo‘yicha o‘zaro fikr va tajriba almashdilar.

Telegram Facebook