Jinoiy aktivlardan kiberjinoyatlargacha: O‘zbekiston va Qirg‘iziston tajriba almashdi

Jinoiy aktivlardan kiberjinoyatlargacha: O‘zbekiston va Qirg‘iziston tajriba almashdi

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Majburiy ijro byurosi hamda Huquqni muhofaza qilish akademiyasi vakillaridan iborat delegatsiya Qirg‘iz Respublikasida “Jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish” mavzusida o‘tkazilgan davra suhbatida ishtirok etdi.

Tadbir O‘zbekiston va Qirg‘iziston prokuratura organlari o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirish, jinoyatchilikning zamonaviy shakllariga qarshi kurashishda samarali mexanizmlar va ilg‘or tajribalarni muhokama qilishga bag‘ishlandi.

Davra suhbati sessiyalarida jinoiy aktivlarni aniqlash, qaytarish va boshqarish, ularning transchegaraviy harakatini-kuzatish, moliyaviy tergov imkoniyatlaridan foydalanish, shuningdek, xorijiy yurisdiksiyalar bilan tezkor va huquqiy hamkorlikni kuchaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Alohida e’tibor raqamli texnologiyalardan foydalanib sodir etilayotgan jinoyatlarni aniqlash va fosh etish, elektron dalillar bilan ishlash, axborot almashinuvini jadallashtirish hamda mutaxassislarning kasbiy salohiyatini oshirishga qaratildi.

Shuningdek, sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarining ijrosini ta’minlash mexanizmlarini takomillashtirish, ijro harakatlarini raqamlashtirish va mazkur yo‘nalishda zamonaviy axborot texnologiyalaridan samarali foydalanish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Tashrif doirasida o‘tkazilgan amaliy muloqot zamonaviy tahdidlarga qarshi kurashishda qo‘llanilayotgan yondashuvlarni qiyosiy baholash, o‘zaro tajriba almashish va kelgusidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash imkonini berdi.

Mazkur tashrif O‘zbekiston va Qirg‘iziston prokuratura organlari o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni mustahkamlash, ishtirokchilarning bilim va ko‘nikmalarini boyitish, shuningdek, huquqni qo‘llash amaliyotini yanada takomillashtirishga xizmat qildi.

Telegram Facebook