Huquqni muhofaza qilish akademiyasi Raqamli kriminalistika ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan Xorazm viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturalari xodimlari uchun amaliy seminarlar o‘tkazildi.
Tadbirlar tergov faoliyatida raqamli texnologiyalardan samarali foydalanish, zamonaviy axborot tizimlarini amaliyotga joriy etish hamda axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanib sodir etilayotgan jinoyatlarga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga bag‘ishlandi.
Seminarlar doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ–229-son qarori asosida ishlab chiqilgan, raqamli kriminalistikaning texnik vositalari bilan jihozlangan maxsus jamlanmaning funksional imkoniyatlari namoyish etildi. Ishtirokchilarga mazkur vositalardan raqamli dalillarni aniqlash, yig‘ish, saqlash va tahlil qilish jarayonlarida foydalanishning amaliy jihatlari tushuntirildi.
Shuningdek, “Ko‘chma raqamli kriminalistika laboratoriyasi”ning texnik imkoniyatlari taqdim etildi. Namoyishlar davomida elektron qurilmalar va raqamli muhitdagi ma’lumotlar bilan ishlash, dalillarni protsessual tartibda mustahkamlash, ularning yaxlitligini ta’minlash hamda keyingi tahlil uchun tayyorlash usullari ko‘rsatib berildi.
Ochiq muloqot shaklida o‘tgan seminarlarda tergov jarayonlarini raqamlashtirish, zamonaviy kriminalistik texnologiyalarni huquqni muhofaza qiluvchi organlar amaliyotiga integratsiya qilish, elektron dalillar bilan ishlash sifatini oshirish va kiberjinoyatlarga qarshi kurashishda idoralararo hamkorlikni kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.
Bunday amaliy tadbirlar raqamli kriminalistika imkoniyatlarini hududlarda keng joriy etish, tergov organlari xodimlarining kasbiy ko‘nikmalarini mustahkamlash hamda jinoyatlarni tezkor, sifatli va xolisona tergov qilishga xizmat qiladi.