O‘zbekiston Respublikasi Harbiy prokuraturasida O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi xodimlari ishtirokida axborot texnologiyalaridan foydalanib sodir etiladigan jinoyatlarni tergov qilishda raqamli kriminalistika vositalarini qo‘llashga bag‘ishlangan o‘quv-amaliy mashg‘ulot o‘tkazildi.
Tadbirda Samarqand, Navoiy, Buxoro, Qarshi, Termiz, Urganch, Nukus, Farg‘ona, Andijon va Namangan harbiy prokuraturalari tergovchilari ishtirok etdi.
Mashg‘ulot davomida kiberjinoyatchilikka qarshi kurashishda raqamli kriminalistikaning zamonaviy imkoniyatlari, shuningdek, OSINT – ochiq manbalardagi ma’lumotlarni izlash, tekshirish va tahlil qilish usullari ko‘rib chiqildi. Tergov faoliyatida maxsus platformalar va boshqa ochiq axborot resurslaridan foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Amaliy qism kiberjinoyatlar bilan bog‘liq ishlar bo‘yicha hodisa joyini ko‘zdan kechirishning o‘ziga xos jihatlari, raqamli izlarni aniqlash va qayd etish, elektron dalillarni olib qo‘yish hamda ularning saqlanishini ta’minlash, shuningdek, raqamli kriminalistikaning ayrim dasturiy vositalarini qo‘llashga bag‘ishlandi.
O‘tkazilgan amaliy mashg‘ulot ishtirokchilarga raqamli izlarni aniqlash, qayd etish va saqlashning zamonaviy yondashuvlarini mustahkamlash, shuningdek, jinoyatlarni tergov qilishda ochiq ma’lumotlar va raqamli vositalardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qildi.