Korrupsiya uchun javobgarlik muqarrarligi kuchaytirildi

Korrupsiya uchun javobgarlik muqarrarligi kuchaytirildi

2026-yil 22-iyunda qabul qilingan O‘RQ–1155-son Qonun korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida javobgarlik, profilaktika va institutsional nazorat mexanizmlarini yangi bosqichga olib chiqadi.

Eng muhim yangiliklardan biri – korrupsiyaga oid jinoyatlarning aniq ro‘yxati qonunchilik darajasida belgilanganidir. Unga mansab yoki xizmat mavqeini suiiste’mol qilish bilan bog‘liq ayrim talon-toroj va firibgarlik holatlari, poraxo‘rlik bilan bog‘liq jinoyatlar, g‘arazgo‘ylik niyatida sodir etilgan ayrim mansabdorlik jinoyatlari hamda korrupsiya orqali olingan daromadlarni legallashtirish kiradi.

Qonun bilan korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilgan shaxslarning elektron reyestri joriy etildi. Reyestrga kiritilgan shaxslar uchun sudlanganlik muddati davomida davlat xizmatiga kirish, davlat mukofotlari bilan taqdirlanish, saylanadigan va alohida tartibda tayinlanadigan lavozimlarga nomzod etib ko‘rsatilish, davlat xaridlari va davlat-xususiy sheriklik loyihalarida ishtirok etish, shuningdek ayrim rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritish bo‘yicha cheklovlar belgilanadi.

Shu bilan birga, o‘zlashtirish, rastrata yoki firibgarlik natijasida yetkazilgan zarar to‘liq qoplanmagan holatlarda, shuningdek poraxo‘rlikning ayrim og‘irlashtiruvchi holatlarida muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilishni qo‘llash doirasi cheklandi.

Qonun korrupsiyaning oldini olish masalasiga ham alohida yondashadi. Davlat organlari va tashkilotlari korrupsiya xavf-xatarlari yuqori bo‘lgan vazifa va lavozimlarni aniqlashi, ularni baholashi, bartaraf etish choralarini ishlab chiqishi lozim. Shuningdek, korrupsiyaga oid xavf-xatarlar xaritasini shakllantirish, komplayens va ichki nazorat tuzilmalari faoliyatini kuchaytirish, korrupsiya haqida asosli xabar bergan shaxslarning huquqiy kafolatlarini ta’minlash nazarda tutilgan.

Huquqni muhofaza qilish akademiyasi qonun loyihasini ishlab chiqish jarayonida ishtirok etib, korrupsiyaga oid jinoyatlarni aniq huquqiy mezonlar asosida belgilash hamda javobgarlik muqarrarligini ta’minlashga qaratilgan normalarni takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqdi.

Yangi qonunning mazmuni aniq: korrupsiya uchun javobgarlik faqat jazo bilan cheklanmaydi. Uning huquqiy oqibatlari davlat boshqaruvi, davlat xizmati, xaridlar va jamoatchilik ishonchi bilan bog‘liq sohalarda ham namoyon bo‘ladi.

Telegram Facebook