Qashqadaryo viloyati Qarshi shahridagi “Geolog” mahalla fuqarolar yig‘inida yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklar, xususan, kiberjinoyatlarning oldini olishga qaratilgan amaliy seminar o‘tkazildi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi Raqamli kriminalistika ilmiy-tadqiqot instituti xodimlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-yanvardagi PQ–1 va PQ–2-son qarorlari ijrosi doirasida tashkil etildi.
Uchrashuvda yoshlarni internet makonidagi xavf-xatarlardan himoya qilish, ularning huquqiy va raqamli savodxonligini oshirish, kibergigiyena ko‘nikmalarini shakllantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Seminarning amaliy qismida virtual makonda keng tarqalayotgan firibgarlik sxemalari hayotiy misollar asosida tushuntirildi. Xususan, shubhali havolalar orqali zararli dasturlarni tarqatish, ijtimoiy tarmoqlardagi soxta akkauntlardan foydalanish, moliyaviy piramidalarga jalb qilish hamda shaxsiy ma’lumotlarni qo‘lga kiritishga qaratilgan harakatlarning xavfi haqida batafsil ma’lumot berildi.
Institut mutaxassislari yoshlarga akkauntlar va elektron to‘lov vositalarini himoya qilish, ishonchli parollardan foydalanish, ikki bosqichli tasdiqlashni yoqish, shubhali xabar va takliflarga tanqidiy yondashish, shaxsiy ma’lumotlarni oshkor qilmaslik bo‘yicha amaliy tavsiyalar berdilar.
Tadbirda raqamli muhitdagi tahdidlarni o‘z vaqtida anglash va xavfsizlik qoidalariga rioya qilish kiberjinoyatlardan himoyalanishning muhim sharti ekani ta’kidlandi.