O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi ishchi guruhi tomonidan Bosh prokuror o‘rinbosari S.I. Samadov rahbarligida Surxondaryo viloyati mahallalarida jinoyatchilikning barvaqt oldini olish masalalarini ilmiy-amaliy jihatdan o‘rganish, uning sodir etilishiga imkon berayotgan omillar va shart-sharoitlarni aniqlash, shuningdek, xavfsiz muhitni shakllantirish bo‘yicha ishlar davom ettirildi.
O‘rganishlar doirasida viloyatning shahar va tumanlaridagi mahallalarda jinoyat sodir etilishiga sabab bo‘luvchi omillar hamda bunga imkon yaratayotgan shart-sharoitlar tahlil qilindi. Hududlarning o‘ziga xos xususiyatlari va mavjud muammolaridan kelib chiqib, profilaktik chora-tadbirlarning manzilliligi va samaradorligini oshirishga qaratilgan ilmiy asoslangan tavsiyalar ishlab chiqildi.
Ishchi guruh a’zolari mahallalarda “mahalla yettiligi” a’zolari bilan uchrashuvlar o‘tkazib, xavfsiz muhitni ta’minlash va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish bo‘yicha amaliy masalalarni muhokama qilmoqda.
Shu bilan birga, ishlab chiqilgan tavsiyalarning joylardagi ijrosi bevosita o‘rganilib, huquqbuzarliklar profilaktikasini samarali tashkil etish yuzasidan mas’ul xodimlarga amaliy ko‘rsatmalar berilmoqda.