O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida Advokatlar palatasi bilan hamkorlikda advokatlar va tergovchilar uchun “Jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchiligini qo‘llash masalalari” mavzusida seminar-trening o‘tkazildi.
Seminar-trening doirasida jinoyatlarni to‘g‘ri kvalifikatsiya qilish, dalillar bilan ishlash, shuningdek, surishtiruv va tergov jarayonlarida himoya huquqining kafolatlarini ta’minlashga oid dolzarb masalalar atroflicha muhokama qilindi.
O‘quv dasturi jinoyatlar va ma’muriy huquqbuzarliklarni o‘zaro farqlash, jumladan, ma’muriy preyuditsiya bilan bog‘liq holatlarga huquqiy baho berish, jinoyatlarni kvalifikatsiya qilish, dalillarning maqbulligini aniqlash, surishtiruv va tergov bosqichlarida himoya huquqini samarali ta’minlash bo‘yicha tinglovchilarning nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratildi.
Mashg‘ulotlar Akademiya professor-o‘qituvchilari hamda tajribali amaliyotchi xodimlar ishtirokida aniq protsessual vaziyatlar va amaliy keyslar tahlili asosida tashkil etildi. Tinglovchilar jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchiligini qo‘llash, dalillarni to‘plash, tekshirish va baholash, axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanish, inson huquq va erkinliklari kafolatlarini ta’minlash masalalari bo‘yicha bilimlarini mustahkamladilar.
Seminar-trening davomida o‘tkazilgan bahs-munozara va o‘zaro muhokamalar advokatlar hamda tergovchilarning kasbiy muloqotini mustahkamlash, huquqni qo‘llash amaliyotida uchraydigan murakkab protsessual masalalarga nisbatan asosli yondashuvlarni shakllantirishga xizmat qildi.
Shuningdek, ishtirokchilar Akademiyaning Raqamli kriminalistika ilmiy-tadqiqot instituti faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Tergov poligonlari, kriminalistika va boshqa maxsus o‘quv-imitatsiya xonalarining imkoniyatlari asosida ular zamonaviy kriminalistik yondashuvlar xususida fikr almashdilar.
Seminar-trening yakunlariga ko‘ra, tinglovchilarga sertifikatlar topshirildi.