“Anti-Corruption Studies and Research”: xalqaro ilmiy muloqotning yangi maydoni

“Anti-Corruption Studies and Research”: xalqaro ilmiy muloqotning yangi maydoni

Jurnalning ilk sonida korrupsiyaning oldini olish, korrupsiya uchun javobgarlik, jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish, korrupsiyaga qarshi ta’lim va tadqiqotlar, shuningdek, korrupsiya hamda inson huquqlari o‘rtasidagi bog‘liqlikka oid dolzarb mavzular qamrab olingan.

Maqolalar xalqaro tahrir va taqrizlash amaliyoti asosida saralab olindi. Nashrda xalqaro tahrir hay’ati, ikki tomonlama yashirin taqrizlash tizimi, DOI raqamli identifikatori, ochiq foydalanish tamoyili, nashr etish etikasi qoidalari va plagiatga qarshi nazorat mexanizmlari joriy etilgan.

Tahrir hay’ati tarkibiga Shvetsiya, AQSH, Pokiston, Janubiy Afrika, Sloveniya, Qozog‘iston, Niderlandiya, Bangladesh, Meksika, Indoneziya va O‘zbekistonning yetakchi olimlari kiritilgan. Bu jurnalni turli ilmiy maktablar va tajribalarni birlashtiruvchi, maqolalarni xalqaro akademik mezonlar asosida baholashga xizmat qiluvchi muloqot maydoniga aylantiradi.

“Anti-Corruption Studies and Research” huquq, iqtisodiyot, siyosatshunoslik, sotsiologiya, xalqaro munosabatlar va davlat boshqaruvi sohalari kesimida korrupsiyaga qarshi kurashish masalalarini kompleks o‘rganishga qaratilgan. Jurnalning asosiy vazifasi – ilmiy dalillarga tayangan siyosat va amaliy yechimlar ishlab chiqilishini qo‘llab-quvvatlashdir.

Tahririyat jurnal mazmuni va nashr sifatini xalqaro standartlar asosida izchil takomillashtirish, uni kelgusida “Scopus” xalqaro ilmiy ma’lumotlar bazasida indekslanadigan nufuzli jurnallar qatoriga kiritish uchun zarur mezonlarga muvofiqlashtirishni strategik maqsad qilib belgilagan.

Ilk sonning nashr etilishi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi uchun korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi milliy ilmiy izlanishlarni xalqaro ilmiy muomalaga kiritish, ularning dolzarbligi va amaliy ahamiyatini keng namoyon etish borasidagi muhim natijadir.

Telegram Facebook