Oilaviy va maishiy zo‘ravonlikka qarshi raqamli yechimlar: Gruziya tajribasi o‘rganildi

Oilaviy va maishiy zo‘ravonlikka qarshi raqamli yechimlar: Gruziya tajribasi o‘rganildi

Ishchi uchrashuvlar Gruziya prokuraturasi va Kvemo-Kartli mintaqaviy prokuraturasi, Gruziya Ichki ishlar vazirligining Inson huquqlarini himoya qilish departamenti, “112” jamoat xavfsizligi markazi, Politsiya akademiyasi, Jinoyatchilik profilaktikasi, ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolarni ijro etish va probatsiya milliy agentligi, Davlat g‘amxo‘rligi va odam savdosi jabrlanuvchilariga yordam agentligi, Gruziya Xalq himoyachisi – Ombudsman apparati hamda Ivane Javaxishvili nomidagi Tbilisi davlat universiteti yuridik fakulteti vakillari bilan o‘tkazildi.

Muloqotlarda oilaviy va maishiy zo‘ravonlikka qarshi kurashishning huquqiy, tashkiliy va institutsional mexanizmlari muhokama qilindi. Xususan, murojaatlarni qabul qilish va tezkor ko‘rib chiqish, xavf darajasini baholash, himoya choralarini qo‘llash, jabrlanuvchilarga huquqiy, psixologik va ijtimoiy yordam ko‘rsatish, shuningdek, mas’ul tuzilmalar faoliyatini o‘zaro muvofiqlashtirish masalalari atroflicha o‘rganildi.

Alohida e’tibor yaratilayotgan platforma uchun ahamiyatli bo‘lgan raqamli yechimlarga qaratildi. Bunda murojaatlarni elektron qabul qilish, huquqbuzarliklarni yagona axborot tizimida qayd etish, xavf darajasini baholash, mas’ul idoralar o‘rtasida tezkor axborot almashinuvini ta’minlash, ko‘rsatilayotgan yordam sifatini monitoring qilish va ma’lumotlar xavfsizligini kafolatlash amaliyoti tahlil qilindi.

Tashrif yakunlari bo‘yicha olingan amaliy xulosalar ishlab chiqilayotgan platformaning funksional imkoniyatlarini belgilash, idoralararo hamkorlik mexanizmlarini takomillashtirish hamda jabrlanuvchilarni himoya qilishga qaratilgan chora-tadbirlarni tezkor va uzviy tashkil etishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Telegram Facebook