Tergovda bola manfaati ustuvor: Akademiyada xalqaro trening o‘tkazildi

Tergovda bola manfaati ustuvor: Akademiyada xalqaro trening o‘tkazildi

O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida zo‘ravonlik va odam savdosidan jabrlangan bolalar ishtirokidagi ishlarni tergov qilish va ko‘rib chiqishda bolaga do‘stona yondashuvlarni qo‘llashga bag‘ishlangan ikki kunlik xalqaro o‘quv treningi bo‘lib o‘tdi.

Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, BMTning Bolalar jamg‘armasi – YUNISEF, Bolalar ombudsmani va YEXHT hamkorligida tashkil etildi.

Treningda Samarqand va Toshkent viloyatlari hamda Toshkent shahar prokuratura organlarining mazkur yo‘nalishga mas’ul prokuror yordamchilari, shuningdek, Akademiya professor-o‘qituvchilari ishtirok etdi.

Xalqaro ekspertlar ishtirokida o‘tkazilgan nazariy va amaliy mashg‘ulotlarda voyaga yetmaganlarni so‘roq qilish metodikasi, bolaning ruhiy-emotsional holatini baholash, tergov harakatlari davomida takroriy ruhiy jarohatlanishning oldini olish hamda uning protsessual huquqlarini to‘liq ta’minlash masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, ushbu toifadagi jinoyat ishlari bo‘yicha prokuror nazoratini amalga oshirishning o‘ziga xos jihatlari, bola bilan muloqotda uning yoshi va psixologik xususiyatlarini hisobga olish, tergov harakatlarini xavfsiz va ishonchli muhitda o‘tkazishga alohida e’tibor qaratildi.

Amaliy mashg‘ulotlar va kasbiy muhokamalar davomida ishtirokchilar turli vaziyatlarni tahlil qilib, xalqaro tajriba hamda milliy amaliyot yuzasidan fikr almashdilar. Trening ularning bolalar ishtirokidagi tergov harakatlarini ehtiyotkorlik, xolislik va kasbiy yondashuv asosida tashkil etish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlashga xizmat qildi.

Dastur doirasida bolalarga nisbatan odil sudlovning xalqaro standartlari, jumladan, jabrlangan bolaning qayta-qayta so‘roq qilinishi va takroriy ruhiy jarohat olishining oldini olishga qaratilgan «Barnahus» modeli tamoyillari ham o‘rganildi.

Trening yakunida bolalar ishtirokidagi tergov jarayonlarini xalqaro standartlar asosida yanada takomillashtirish, idoralararo hamkorlikni mustahkamlash hamda bola manfaatini har bir protsessual harakat va qarorning asosiy mezoni sifatida belgilash zarurligi ta’kidlandi.

Mazkur o‘quv dasturi tergov jarayonida bolaga shunchaki protsess ishtirokchisi sifatida emas, avvalo alohida himoya va ehtiyotkor munosabatga muhtoj shaxs sifatida yondashishga xizmat qildi. Zero, bola ishtirok etgan har bir ishda tergovning samaradorligi nafaqat jinoyatni fosh etish, balki uning sha’ni, huquqlari va ruhiy osoyishtaligi qay darajada asralgani bilan ham baholanadi.

Telegram Facebook