Bank komplaensi: xatarlarni aniqlash va oldini olishning amaliy mexanizmlari

Bank komplaensi: xatarlarni aniqlash va oldini olishning amaliy mexanizmlari

O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tomonidan “Agrobank” aksiyadorlik tijorat banki bilan hamkorlikda bankning komplaens bo‘linmasi rahbar va xodimlari uchun jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish hamda terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha malaka oshirish seminari tashkil etildi. O‘quv dasturi bank amaliyotidagi zamonaviy xatarlarni baholash, shubhali operatsiyalarni aniqlash va ichki nazorat samaradorligini oshirishga qaratildi.

Seminar doirasida milliy qonunchilik talablari va FATF xalqaro standartlari, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish, moliyaviy operatsiyalar bilan bog‘liq xatarlar, sanksiyalar doirasidagi cheklovlar hamda shubhali operatsiyalarni aniqlash mezonlari tizimli yoritildi. Bank amaliyotida uchraydigan kamchiliklar, ularning huquqiy va moliyaviy oqibatlari, shuningdek, bartaraf etish mexanizmlariga alohida e’tibor qaratildi.

Mashg‘ulotlar amaliy yo‘nalishda tashkil etilib, xalqaro standartlarni milliy amaliyotga tatbiq etish, tavakkalchilikka asoslangan yondashuvni kuchaytirish va mijozlarni lozim darajada tekshirish masalalari real keyslar asosida tahlil qilindi. Ochiq muloqot va savol-javoblar ishtirokchilarga murakkab vaziyatlarni ekspertlar bilan birgalikda muhokama qilish imkonini berdi.

Sohaviy sessiyalarda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki hamda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti mutaxassislari ishtirok etib, ilg‘or tajriba va amaliyotda qo‘llanilayotgan samarali yondashuvlar bilan o‘rtoqlashdilar.

Seminar yakunlari bo‘yicha ishtirokchilar manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish, ichki nazoratni samarali tashkil etish, xatarlarni baholash, shubhali operatsiyalarni tahlil qilish va komplaens madaniyatini mustahkamlashga doir amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirdilar.

Mazkur o‘quv loyihasi Akademiya va bank sektori o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni kengaytirish, moliyaviy shaffoflikni oshirish hamda bank tizimining jinoiy daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirish bilan bog‘liq xatarlarga qarshi barqarorligini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Telegram Facebook