Bolalarga nisbatan zo‘ravonlik bilan bog‘liq jinoyatlarni tergov qilish: xalqaro standartlar va amaliy yondashuvlar

Bolalarga nisbatan zo‘ravonlik bilan bog‘liq jinoyatlarni tergov qilish: xalqaro standartlar va amaliy yondashuvlar

O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida huquqni muhofaza qiluvchi organlar va ijtimoiy himoya tizimi mutaxassislari uchun bolalarga nisbatan zo‘ravonlik bilan bog‘liq jinoyatlarni tergov qilishning zamonaviy usullariga bag‘ishlangan xalqaro trening o‘tkazildi.

Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 24 dekabrdagi PF–256-son Farmoni bilan tasdiqlangan 2026–2030 yillarga mo‘ljallangan Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish strategiyasi doirasida Akademiya, Bola huquqlari bo‘yicha vakil – Bolalar ombudsmani hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamkorligida tashkil etildi.

Mashg‘ulotlarni Yo‘qolgan va ekspluatatsiya qilingan bolalar xalqaro markazi – ICMEC (AQSH) eksperti Trisha Fits onlayn formatda olib bordi. Treningda Ichki ishlar vazirligi tergovchilari, Akademiya professor-o‘qituvchilari, shuningdek, Ijtimoiy himoya milliy agentligining mamlakatimiz barcha hududlaridan 168 nafar ijtimoiy xodimi ishtirok etdi.

Asosiy e’tibor zo‘ravonlikdan jabrlangan bolaning yoshi, psixologik holati va manfaatlarini inobatga olgan holda protsessual harakatlarni to‘g‘ri tashkil etish, ishonchli muloqot o‘rnatish va takroriy ruhiy jarohatlanishning oldini olishga qaratildi. Bolalarni so‘roq qilishning NICHD xalqaro protokoli, «Barnahus» modeli hamda bolalarga do‘stona odil sudlov tamoyillarini qo‘llashga doir amaliy yondashuvlar muhokama qilindi.

Shuningdek, onlayn-gruming, kiberbulling, sekstorshn va bolalarga tahdid soluvchi boshqa raqamli xavflarni aniqlash va huquqiy baholash, shuningdek, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, ijtimoiy xizmatlar, psixologlar, tibbiyot va ta’lim muassasalari o‘rtasida samarali hamkorlikni ta’minlash masalalari ko‘rib chiqildi.

Amaliy keyslar va protsessual vaziyatlar tahlili ishtirokchilarga bola bilan ishlashda uchraydigan tipik xatolarni ko‘rib chiqish va samarali harakat algoritmlarini shakllantirish imkonini berdi. Treningda o‘rganilgan yondashuvlar bolalar ishtirokidagi tergov harakatlarining sifatini oshirish, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli ta’minlash hamda jabrlangan bolaning ikkilamchi viktimizatsiyasiga yo‘l qo‘ymaslikka xizmat qiladi.

Telegram Facebook