Bank sohasida moliyaviy xavfsizlik va komplayens: amaliy yondashuvlar va zamonaviy standartlar

Bank sohasida moliyaviy xavfsizlik va komplayens: amaliy yondashuvlar va zamonaviy standartlar

O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida «Turonbank» ATBning ichki nazorat va komplayens yo‘nalishlarida faoliyat yurituvchi xodimlari uchun moliyaviy xavfsizlikning dolzarb masalalariga bag‘ishlangan uch kunlik maxsus o‘quv seminari tashkil etildi.

O‘quvlarda bankning komplayens-nazorat, moliyaviy monitoring, risklarni boshqarish, ichki audit va moliyaviy xavfsizlikni ta’minlashga mas’ul xodimlari ishtirok etdi.

Seminar dasturi jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish, samarali ichki nazorat tizimini tashkil etish, komplayens-risklarni aniqlash va minimallashtirish, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish hamda shubhali operatsiyalarni aniqlash masalalarini qamrab oldi.

Alohida e’tibor milliy qonunchilik va FATF xalqaro standartlari talablarini amaliyotda qo‘llash, mijozlarni lozim darajada tekshirish (Customer Due Diligence – CDD), maqsadli moliyaviy sanksiyalar, moliyaviy monitoring hamda bank faoliyatida ichki nazorat va komplayens mexanizmlarini takomillashtirishga qaratildi.

Mashg‘ulotlar real va modellashtirilgan keyslar, amaliy vaziyatlar tahlili va professional muhokamalar asosida tashkil etildi. Bu ishtirokchilarga nazariy bilimlarni konkret holatlarda qo‘llash, komplayens va moliyaviy xavfsizlik sohasidagi risklarni baholash hamda ularni minimallashtirish bo‘yicha amaliy yondashuvlarni takomillashtirish imkonini berdi.

Seminarda Akademiya xodimlari va vakolatli davlat organlari mutaxassislari spiker sifatida ishtirok etib, qonunchilikni qo‘llash amaliyoti, moliyaviy monitoringning zamonaviy mexanizmlari va xalqaro standartlarni bank faoliyatiga tatbiq etishga doir yondashuvlarni taqdim etdilar.

Maxsus o‘quv seminari bank tizimida samarali ichki nazorat va komplayens madaniyatini mustahkamlash, moliyaviy huquqbuzarliklar bilan bog‘liq risklarni barvaqt aniqlash hamda bankning moliyaviy xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha xodimlarning amaliy kompetensiyalarini rivojlantirishga xizmat qildi.

Telegram Facebook