Bank ichki nazorati va moliyaviy xavflarni boshqarish: amaliy yondashuvlar

Bank ichki nazorati va moliyaviy xavflarni boshqarish: amaliy yondashuvlar

O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va Markaziy bank bilan hamkorlikda "Xalq banki" ATB ichki nazorat bo‘linmalari xodimlari uchun malaka oshirish seminari o‘tkazildi.

Seminar jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasidagi milliy qonunchilik talablari hamda FATF xalqaro standartlarini bank amaliyotida samarali qo‘llash masalalariga bag‘ishlandi.

Akademiya professor-o‘qituvchilari, Markaziy bank va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti mutaxassislari ishtirokida moliyaviy xavflarni aniqlash va baholash, mijozlarni lozim darajada o‘rganish, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish, sanksiyaviy cheklovlarga rioya etish hamda shubhali operatsiyalarni aniqlash mezonlari ko‘rib chiqildi.

Real keyslar asosida bank amaliyotida uchrayotgan muammoli holatlar, ularni o‘z vaqtida aniqlash va bartaraf etish mexanizmlari tahlil qilindi. Tavakkalchilikka asoslangan yondashuvni qo‘llash va ichki nazorat jarayonlarini takomillashtirishga doir amaliy tavsiyalar yuzasidan fikr almashildi.

Ochiq muloqot va savol-javob shaklida o‘tkazilgan mashg‘ulotlar ishtirokchilarning moliyaviy xavflarni baholash, shubhali operatsiyalarni tahlil qilish, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish hamda samarali ichki nazoratni tashkil etish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlashga xizmat qildi.

Mazkur seminar bank tizimida qonuniylik va moliyaviy shaffoflikni ta’minlash, ichki nazorat samaradorligini oshirish hamda komplayens madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan hamkorlikning amaliy ifodasi bo‘ldi.

Telegram Facebook