O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida 2025/2026 o‘quv yilida magistraturani muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilarga «Huquq magistri» diplomlari hamda «Akademik ko‘krak nishoni» tantanali ravishda topshirildi. Marosim Akademiyada huquqni muhofaza qilish sohasining ustuvor yo‘nalishlari uchun chuqur nazariy bilim, amaliy va tahliliy kompetensiyalarga ega kadrlar tayyorlash borasidagi tizimli ishlarning navbatdagi natijasini ifodaladi.
Bitiruvchilar magistraturaning «Prokurorlik faoliyati», «Tergov faoliyati», «Korrupsiyaga qarshi kurashish», «Inson huquqlariga oid xalqaro huquq» hamda «Kiberxavfsizlikni huquqiy ta’minlash» mutaxassisliklari bo‘yicha tahsil oldi. Joriy yilda 2025/2026 o‘quv yilidan Akademiyada joriy etilgan «Kiberxavfsizlikni huquqiy ta’minlash» mutaxassisligining ilk bitiruvchilariga ham diplomlar topshirildi. Mazkur ilk bitiruv raqamli muhitni huquqiy tartibga solish, axborot xavfsizligining huquqiy asoslarini mustahkamlash va kiberxavflarga qarshi kurashish sohasida malakali kadrlar tayyorlash yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.
Tadbirda Bosh prokuratura va Akademiya rahbariyati, professor-o‘qituvchilar, vakolatli davlat organlari vakillari, bitiruvchilar va ularning ota-onalari, shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Akademiya magistraturasida ta’lim zamonaviy talablar asosida tashkil etilib, nazariy tayyorgarlikni huquqni qo‘llash amaliyoti va ilmiy izlanishlar bilan uyg‘unlashtirishga qaratilgan. O‘quv jarayoni magistrantlarning huquqiy jarayonlarni chuqur tahlil qilish, ilmiy asoslangan xulosalar ishlab chiqish va murakkab kasbiy vazifalarga samarali yechim topish kompetensiyalarini hamda ilmiy-tadqiqot salohiyatini rivojlantirishga xizmat qilmoqda. Milliy va xorijiy ekspertlarning ta’lim jarayoniga keng jalb etilishi tayyorgarlikning amaliy mazmuni va ilmiy saviyasini yanada oshirmoqda.
Magistratura doirasidagi xalqaro hamkorlik ham izchil kengayib bormoqda. Magistrantlar Polshaning Gdansk universiteti, Janubiy Koreya xalqaro hamkorlik agentligi hamda Koreya Adliya instituti bilan hamkorlikda tashkil etilgan xalqaro o‘quv dasturlarida faol ishtirok etib, xorijiy tajriba va zamonaviy yondashuvlarni o‘zlashtirish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.
Akademiya magistraturasida tahsil olishga bo‘lgan qiziqish yildan-yilga ortib borayotgani ham qayd etildi. Xususan, 2026/2027 o‘quv yili uchun o‘tkazilgan qabul jarayonida nomzodlar soni o‘tgan yilgi ko‘rsatkichga nisbatan sezilarli darajada oshdi.
Akademiya rahbariyati bitiruvchilarni magistratura bosqichini muvaffaqiyatli yakunlagani bilan tabriklab, ularga kelgusi kasbiy va ilmiy faoliyatida muvaffaqiyatlar tiladi. Egallangan bilim va kompetensiyalarni qonun ustuvorligini ta’minlash, inson huquqlarini himoya qilish, shuningdek, raqamlashtirish va yangi huquqiy chaqiriqlar sharoitida mamlakatimiz huquqni muhofaza qilish tizimini yanada rivojlantirish yo‘lida samarali qo‘llash bitiruvchilar oldida turgan muhim vazifa ekani ta’kidlandi.