Bitiruvchi sinf o‘quvchilari Akademiyadagi ta’lim imkoniyatlari bilan tanishdi

Bitiruvchi sinf o‘quvchilari Akademiyadagi ta’lim imkoniyatlari bilan tanishdi

Ta’til kunlarida poytaxt maktablarining bitiruvchi sinf o‘quvchilari O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasiga tashrif buyurdi. Ochiq eshiklar kuni yoshlarga Akademiyadagi ta’lim muhiti bilan yaqindan tanishish, o‘qishga qabul tartibi haqida ma’lumot olish va tajribali mutaxassislar bilan muloqot qilish imkonini berdi.

Tadbir ishtirokchilariga Akademiya faoliyati, bakalavriatga qabul qilish va o‘qitish tartibi, shuningdek, ta’lim jarayonini tashkil etishning o‘ziga xos jihatlari haqida batafsil ma’lumot berildi. Ochiq muloqot davomida o‘quvchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga Akademiya xodimlaridan bevosita javob oldilar.

Ko‘p yillik amaliy tajribaga ega tergovchi bilan uchrashuv tadbirning alohida qismi bo‘ldi. U tergov faoliyatining o‘ziga xos xususiyatlari, ushbu kasb taqozo etadigan mas’uliyat, bilim va shaxsiy fazilatlar haqida so‘zlab, yoshlarga kelgusi kasbiy yo‘lini tanlash bo‘yicha amaliy tavsiyalar berdi.

Shuningdek, o‘quvchilar Akademiya huzuridagi PreAcademy tayyorlov kurslari faoliyati, o‘qish shartlari va yaratilgan imkoniyatlar bilan tanishdilar. Uchrashuv ularning Akademiya va huquqshunoslik kasbi haqidagi tasavvurlarini boyitib, kelgusi ta’lim yo‘nalishini puxta o‘ylab tanlashlariga ko‘maklashdi.

Telegram Facebook