O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamda Markaziy bank bilan hamkorlikda TIF Milliy banki ichki nazorat tizimi xodimlari uchun navbatdagi malaka oshirish seminari tashkil etildi. Tadbir jinoiy daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashishda bank ichki nazorati samaradorligini oshirishga qaratildi.
Seminar dasturidan milliy qonunchilik talablari, FATFning xalqaro standartlari va tavsiyalari, bank operatsiyalari bilan bog‘liq moliyaviy xatarlarni o‘z vaqtida aniqlash, baholash va boshqarish, riskka asoslangan yondashuvni qo‘llash hamda mijozlarni lozim darajada o‘rganish masalalari o‘rin oldi. Manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish, sanksiyalar bilan bog‘liq cheklovlarga rioya etish, shubhali moliyaviy operatsiyalarni aniqlash va ularga huquqiy baho berish mezonlariga alohida e’tibor qaratildi.
Amaliy keyslar asosida bank faoliyatida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavf omillari va muammoli vaziyatlar tahlil qilinib, ularning oldini olish hamda ehtimoliy salbiy oqibatlarni kamaytirish choralari muhokama etildi. Akademiya professor va o‘qituvchilari, Markaziy bank hamda Departament mutaxassislari ishtirokida interaktiv shaklda o‘tkazilgan mashg‘ulotlarda ilg‘or milliy va xalqaro tajriba, shuningdek, ichki nazoratni samarali tashkil etish mexanizmlari yuzasidan fikr almashildi.
Seminar yakunida ishtirokchilarning manfaatlar to‘qnashuvini aniqlash va boshqarish, moliyaviy xatarlarni baholash, shubhali operatsiyalarni tahlil qilish hamda zarur choralarni belgilash bo‘yicha amaliy ko‘nikmalari mustahkamlandi. Olingan bilim va ko‘nikmalar bankda komplayens madaniyatini rivojlantirish, ichki nazorat samaradorligini oshirish, jinoiy daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirish bilan bog‘liq xatarlarni kamaytirishga xizmat qiladi.