Huquqni muhofaza qilish akademiyasida banklar, to‘lov va sug‘urta tashkilotlarining ichki nazorat va komplayens bo‘linmalari xodimlari uchun ikki kunlik o‘quv-amaliy seminar o‘tkazildi. Akademiya tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va Markaziy bank bilan hamkorlikda tashkil etilgan mashg‘ulotlar jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashishda riskka asoslangan yondashuvni amalda qo‘llashga qaratildi.
Seminarda «Ipak Yo‘li», «Trastbank», «Asia Alliance Bank», «TBC Bank» va «Hamkorbank» banklarining ichki nazorat va komplayens bo‘linmalari xodimlari, shuningdek, «PAYME» AJ to‘lov tashkiloti hamda «TBC SUG‘URTA» AJ sug‘urta tashkiloti vakillari ishtirok etdi. Moliya bozorining turli segmentlari vakillari ishtirok etgani moliyaviy monitoring masalalarini bank, to‘lov va sug‘urta xizmatlarining o‘ziga xos xususiyatlarini inobatga olgan holda ko‘rib chiqish imkonini berdi.
O‘quv dasturi milliy qonunchilik talablari, FATFning xalqaro standartlari va tavsiyalari, riskka asoslangan yondashuv, mijozlarni lozim darajada o‘rganish hamda moliyaviy operatsiyalar bilan bog‘liq xatarlarni aniqlash, baholash va boshqarish masalalarini qamrab oldi. Shubhali operatsiyalarni aniqlash, yuqori xavf omillarini belgilash, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish, belgilangan cheklovlar va sanksiyalarga doir talablarga rioya qilish, moliyaviy operatsiyalarga huquqiy baho berish hamda tegishli choralarni belgilashga alohida e’tibor qaratildi. Amaliy keyslar asosida moliya tashkilotlari faoliyatida uchraydigan odatiy va murakkab vaziyatlar, mijozlar xatti-harakatlari va operatsiyalardagi yuqori xavf alomatlari tahlil qilinib, aniqlangan xatarlarni kamaytirish mexanizmlari muhokama etildi.
Mashg‘ulotlar Akademiya professor-o‘qituvchilari, Markaziy bank va Departament mutaxassislari ishtirokida interaktiv shaklda o‘tkazildi. Ishtirokchilar moliyaviy monitoring sohasidagi dolzarb tendensiyalarni muhokama qilib, ichki nazoratni tashkil etish bo‘yicha ilg‘or milliy va xalqaro tajriba almashdilar. Seminar yakunida ularning moliyaviy xatarlarni baholash, shubhali operatsiyalarni aniqlash, manfaatlar to‘qnashuvini boshqarish, riskka asoslangan yondashuvni qo‘llash va zarur choralarni belgilash bo‘yicha amaliy ko‘nikmalari mustahkamlandi.