Yosh tergovchilar: zamonaviy bilim, amaliy ko‘nikma va kasbiy mas’uliyat

Yosh tergovchilar: zamonaviy bilim, amaliy ko‘nikma va kasbiy mas’uliyat

Huquqni muhofaza qilish akademiyasida prokuratura organlarida tergovchi lavozimiga qabul qilingan bakalavriat bitiruvchilari uchun maxsus o‘quv kursi yakunlandi. Kurs Akademiyada egallangan kasbiy bilim va ko‘nikmalarni prokuratura organlarida dastlabki tergovni tashkil etish va olib borishning o‘ziga xos talablari asosida chuqurlashtirishga qaratildi.

Dastur doirasida dastlabki tergovni tashkil etish, tergov harakatlarini o‘tkazish taktikasi, protsessual majburlov choralarini qo‘llash hamda ayrim turdagi jinoyatlarni tergov qilish metodikasi bo‘yicha chuqurlashtirilgan mashg‘ulotlar o‘tkazildi.

Tinglovchilar raqamli kriminalistika, OSINT – ochiq manbalardan ma’lumot to‘plash va tahlil qilish, blokcheyn texnologiyalari sohasida, shuningdek, poligraf va maxsus axborot tizimlari bilan ishlash bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirdi.

Nazariy bilimlarni amaliyotda mustahkamlash maqsadida Toshkent shahar prokuraturasining o‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish bo‘limi, Ichki ishlar vazirligining maxsus poligoni hamda jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudida sayyor seminar va mashg‘ulotlar tashkil etildi.

Kasbiy tayyorgarlik bilan bir qatorda, xizmat etikasi, Axloq kodeksi talablariga rioya qilish, stress va nizoli vaziyatlarni boshqarish, sud notiqligi hamda kasbiy yozma nutq madaniyatini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.

Kurs yakunida 31 nafar yosh tergovchiga sertifikatlar tantanali ravishda topshirildi. Ular xizmat faoliyatini boshlash uchun belgilangan hududiy prokuratura organlariga yo‘llandi.

Telegram Facebook