Prokuraturaga yo‘llangan ilk bitiruvchilar xizmat faoliyatini boshlaydi

Prokuraturaga yo‘llangan ilk bitiruvchilar xizmat faoliyatini boshlaydi

Bugun Bosh prokuraturada O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi bakalavriatining “Tergov faoliyati” yo‘nalishini tamomlagan ilk bitiruvchilarni hududiy prokuratura organlarining tergov tarmoqlarida xizmat o‘tash joylariga taqsimlashga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda Bosh prokuratura rahbariyati, tergov va kadrlar tarmoqlari rahbarlari, prokuratura faxriylari, Akademiya xodimlari hamda bitiruvchilar ishtirok etdi.

Mazkur bitiruvchilar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 28 noyabrdagi PF–257-son Farmoni asosida joriy etilgan, dastlabki tergov va surishtiruv organlari uchun tergovchilarni yagona yondashuv asosida tayyorlash tizimi bo‘yicha tahsil olgan ilk mutaxassislardir. Ta’lim jarayonida nazariy tayyorgarlikni huquqni qo‘llash amaliyoti bilan uyg‘unlashtirish, jinoyat ishlari bo‘yicha mustaqil ish yuritish ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda inson huquq va erkinliklariga so‘zsiz rioya etish madaniyatini shakllantirishga ustuvor ahamiyat qaratildi.

Tadbirda bitiruvchilarning jinoyatlarni kvalifikatsiya qilish, raqamli kriminalistika vositalaridan foydalanish, protsessual hujjatlar bilan ishlash va tergovning zamonaviy metodika hamda taktikasini qo‘llash bo‘yicha egallagan ko‘nikmalari, shuningdek, stressga bardoshliligi alohida qayd etildi. Bosh prokuratura rahbariyati ularga prokuratura organlarining tergov tarmoqlari oldida turgan asosiy vazifalar, xizmat faoliyatida e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan ustuvor yo‘nalishlar, jinoyatlarni fosh etish va tergov qilish sifati hamda samaradorligini oshirish yuzasidan zarur ko‘rsatma va tavsiyalar berdi.

Tadbir yakunida yosh mutaxassislarga qonuniylik, xolislik va adolat tamoyillariga qat’iy amal qilish, inson huquq va erkinliklariga so‘zsiz rioya etish hamda bildirilgan ishonchni yuksak mas’uliyat bilan oqlash zarurligi ta’kidlandi. Bitiruvchilarga kelgusi xizmat faoliyatida muvaffaqiyatlar tilandi.

Telegram Facebook