Tergov amaliyoti: qonun, texnologiya va inson huquqlari

Tergov amaliyoti: qonun, texnologiya va inson huquqlari

Huquqni muhofaza qilish akademiyasida Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti tizimida tergovchi sifatida faoliyat boshlayotgan xodimlar uchun 288 soatlik kasbiy qayta tayyorlash kurslari izchil tashkil etilmoqda. Bugunga qadar dasturni 260 nafardan ortiq xodim muvaffaqiyatli tamomladi.

Kurslar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 28 noyabrdagi PF–257-son Farmonida belgilangan tergov kadrlarini uzluksiz tayyorlash tizimi doirasida yo‘lga qo‘yilgan. Dastur xodimlarni mustaqil tergov olib borishga tayyorlash, zamonaviy tergov taktikasi va metodikasini amaliyotda qo‘llash ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan.

O‘quv dasturi jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchiligini qo‘llash, dalillarni to‘plash va baholash, tergov harakatlarini rejalashtirish va o‘tkazish, raqamli texnologiyalardan foydalanish, inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, kasbiy etika hamda xizmat intizomi masalalarini qamrab oladi. Mashg‘ulotlarga Akademiya professor-o‘qituvchilari bilan bir qatorda ko‘p yillik amaliy tajribaga ega mutaxassislar jalb etilmoqda.

Kurs yakunida tinglovchilar yakuniy attestatsiyadan o‘tadi. Belgilangan talablarni muvaffaqiyatli bajargan xodimlarga kasbiy qayta tayyorlash to‘g‘risidagi diplomlar topshiriladi. Ayni paytda Akademiyada navbatdagi o‘quv guruhlarining mashg‘ulotlari davom etmoqda.

Tergovchilarni tizimli tayyorlash ichki ishlar organlarining jinoyatlarni sifatli, xolis va inson huquqlariga qat’iy rioya etgan holda tergov qilishga qodir kadrlar salohiyatini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Telegram Facebook