Dushanbe shahrida kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida malaka oshirishga qaratilgan uch bosqichli mintaqaviy tashabbusning navbatdagi bosqichi bo‘lib o‘tdi. Raqamli kriminalistika va ochiq manbalar asosida razvedka olib borish (OSINT) bo‘yicha mashg‘ulotlarni O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasining ikki nafar eksperti olib bordi.
Ixtisoslashtirilgan o‘quv kursida Tojikiston Respublikasi huquqni muhofaza qiluvchi organlarining 18 nafar xodimi – Ichki ishlar vazirligining 13 nafar xodimi va Bosh prokuraturaning 5 nafar prokurori ishtirok etdi.
Uch kunlik dasturda kiberjinoyatlarning asosiy turlari, raqamli kriminalistika asoslari, raqamli dalillar bilan ishlash xususiyatlari hamda OSINT vositalari qamrab olindi. Ishtirokchilar darknet resurslaridan foydalanib sodir etiladigan jinoyatlarni tergov qilish usullarini ham ko‘rib chiqdi.
Kurs YeXHTning Dushanbe shahridagi Dasturiy ofisi va O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi bilan hamkorlikda o‘tkazildi. Mintaqaviy tashabbus uch bosqichdan iborat: dastlabki ikki bosqich Dushanbe shahrida o‘tkazildi, yakuniy bosqichni Toshkent shahrida tashkil etish rejalashtirilgan.
Ushbu tashabbus ikki davlat o‘rtasida erishilgan kelishuvlarni amalda ro‘yobga chiqarishga hamda O‘zbekiston va Tojikiston huquqni muhofaza qiluvchi organlari o‘rtasidagi aloqalarni, jumladan, kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish va kiberxavfsizlikni ta’minlash sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.