Huquqni muhofaza qilish akademiyasi va Yanka Kupala nomidagi GrDUning «2+2» qo‘shma dasturiga qabul e’lon qilinadi

Huquqni muhofaza qilish akademiyasi va Yanka Kupala nomidagi GrDUning «2+2» qo‘shma dasturiga qabul e’lon qilinadi

Qo‘shma ta’lim dasturi O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi hamda Belarus Respublikasining «Yanka Kupala nomidagi Grodno davlat universiteti» ta’lim muassasasi tomonidan amalga oshiriladi.

Dastur Yanka Kupala nomidagi GrDUning 6-05-0421-01 – «Huquqshunoslik» mutaxassisligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasining 60420100 – «Yurisprudensiya» ta’lim yo‘nalishini qamrab oladi.

Ta’lim muddati «2+2» modeli asosida to‘rt yilni tashkil etadi: dastlabki ikki o‘quv yilida (1–4-semestrlar) talabalar Yanka Kupala nomidagi GrDUda, keyingi ikki o‘quv yilida (5–8-semestrlar) O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida ta’lim oladilar.

Ta’lim kunduzgi shaklda, rus tilida va to‘lov-kontrakt asosida olib boriladi.

Qabul ikki bosqichda o‘tkaziladi.

Birinchi bosqich – og‘zaki suhbat shaklidagi kirish imtihoni. Suhbat Yanka Kupala nomidagi GrDU vakillaridan tuzilgan fan bo‘yicha imtihon komissiyasi tomonidan o‘tkaziladi.

Ikkinchi bosqich – O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligi bilan kelishilgan muddatlarda o‘tkaziladigan rus tilidan kirish imtihoni.

Birinchi bosqichda to‘plash mumkin bo‘lgan eng yuqori ballning kamida 30 foizini to‘plagan abituriyentlar ikkinchi bosqichda ishtirok etishga qo‘yiladi.

Ikkinchi bosqichda to‘plash mumkin bo‘lgan eng yuqori ballning kamida 30 foizini to‘plagan abituriyentlar qabul tanlovida ishtirok etishga qo‘yiladi. O‘qishga qabul qilish tasdiqlangan qabul parametrlari doirasida tanlov natijalariga ko‘ra amalga oshiriladi.

Hujjatlarni topshirish uchun nomzodlar 2026 yil 16 sentabrga qadar (shu kuni ham) Akademiyaning maxsus elektron platformasi – https://admission.proacademy.uz/ orqali ro‘yxatdan o‘tishlari va quyidagi hujjatlarni yuklashlari lozim:

O‘rganilgan fanlar va ular bo‘yicha olingan baho (ball)lar ko‘rsatilgan umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risidagi attestat yoki o‘rta maxsus yoxud professional ta’lim to‘g‘risidagi diplom.

Pasport yoki ID-karta nusxasi.

Vakolatli sog‘liqni saqlash muassasasi tomonidan berilgan OIV infeksiyasi mavjud emasligi to‘g‘risidagi sertifikat.

Nomzodning psixonevrologiya dispanseri hisobida turmasligi to‘g‘risidagi ma’lumotnoma.

Nomzodning narkologiya dispanseri hisobida turmasligi to‘g‘risidagi ma’lumotnoma.

3×4 sm o‘lchamdagi o‘nta fotosurat.

O‘zbek tilida rasmiylashtirilgan hujjatlarga ularning notarial tartibda tasdiqlangan rus tilidagi tarjimasi ham ilova qilinishi shart.

Rus tilini bilish darajasini tasdiqlovchi sertifikatlar qabul qilinmaydi.

Zarur hollarda qo‘shimcha hujjatlar talab qilinishi mumkin.

Qabul masalalari bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumotni +998 (71) 202-04-96 (ichki raqamlar: 1727, 1991) telefon raqami orqali olish mumkin.

Telegram Facebook