Jinoyat ishlari bo‘yicha biologik dalillar: talabalar va tergovchilar uchun amaliy mashg‘ulot
ProAcademy
(71) 202-04-96
info@proacademy.uz
Zaif ko'ruvchilar uchun

Yangiliklar

“Et docere et discere servitute legis”

Jinoyat ishlari bo‘yicha biologik dalillar: talabalar va tergovchilar uchun amaliy mashg‘ulot

Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tomonidan jinoyat ishlari bo‘yicha biologik dalillar bilan ishlash, ularni aniqlash, qayd etish va qadoqlash bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni mustahkamlashga qaratilgan o‘quv-amaliy seminar tashkil etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 3-martdagi PF-33-son “Ayollar va bolalar huquqlarining himoyasini kuchaytirish hamda ularga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq, 2026-yil 1-noyabrdan boshlab jinsiy erkinlikka qarshi jinoyatlar bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv va dastlabki tergovni faqat prokuratura organlari tomonidan amalga oshirish belgilangan.

Bunday jinoyatlar bo‘yicha tergov sifatini oshirish va uning shaffofligini ta’minlashga qaratilgan vazifalar ijrosi doirasida tashkil etilgan seminarda Huquqni muhofaza qilish akademiyasining “Tergov faoliyati” yo‘nalishi bitiruvchi kurs talabalari hamda Toshkent shahar prokuratura organlari tergovchilari ishtirok etdilar.

Mashg‘ulotlarda Toshkent davlat tibbiyot universiteti Termiz filialining Patologik anatomiya, sud tibbiyoti, tibbiyot huquqi kafedrasi hamda Huquqni muhofaza qilish akademiyasi vakillari ishtirok etdilar.

Seminar davomida jinoyat ishlari, xususan, jinsiy jinoyatlar bo‘yicha biologik obyektlar bilan ishlash, biologik dalillarni aniqlash, qayd etish va qadoqlashda e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan jihatlar muhokama qilindi.

Shuningdek, jinoyatlarni fosh etishda tezkor axborot almashinuvini ta’minlash, dalillarni buzmasdan to‘plash va rasmiylashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Amaliy mashg‘ulotlar davomida ishtirokchilar tergov faoliyatida yuzaga kelayotgan dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashib, biologik dalillar bilan ishlash hamda tergov harakatlarini sifatli tashkil etish bo‘yicha amaliy tavsiyalarga ega bo‘ldilar.

Mazkur o‘quv-amaliy seminar bo‘lajak tergovchilarning amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlash, amaliyotda faoliyat yuritayotgan tergovchilarning kasbiy mahoratini oshirish hamda jinoyatlarni tergov qilish sifatini oshirishga qaratilgan.

 

Telegram Facebook