Huquqni muhofaza qilish akademiyasiga MDH ishtirokchi davlatlari soliqqa oid (moliyaviy) tergov organlari rahbarlari Muvofiqlashtiruvchi kengashi (KSONR) majlisida ishtirok etayotgan Armaniston, Qozog‘iston, Qirg‘iz Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi delegatsiyalari tashrif buyurdilar.
Ma’lumot uchun: KSONR – MDH doirasidagi organ bo‘lib, 1999-yil 20-oktabrda davlatlarning soliq (moliyaviy) tergov organlari rahbarlari qarori bilan tashkil etilgan. 2000-yil 30-noyabrda MDH Hukumat rahbarlari kengashi qarori bilan KSONRga MDHning tarmoqlararo hamkorlik organi maqomi berilgan va Kengash to‘g‘risidagi Nizom tasdiqlangan.
Uchrashuv davomida mehmonlarga Akademiyaning asosiy faoliyat yo‘nalishlari, tashkiliy tuzilmasi, shuningdek, prokuratura va tergov organlari xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash hamda malakasini oshirish tizimi haqida batafsil ma’lumot berildi.
Tashrif doirasida delegatsiya a’zolari Akademiyaning moddiy-texnik bazasi, maxsus o‘quv xonalari va ilmiy laboratoriyalari, jumladan, raqamli kriminalistika laboratoriyalari bilan tanishdilar. Ta’lim jarayoniga joriy etilgan innovatsion yondashuvlar va ilg‘or o‘qitish usullari mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi.