O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi boshlig‘ining o‘rinbosari A.Odinayev va professor-o‘qituvchilardan iborat ishchi guruh 29-sentabr kuni Toshkent viloyatining Olmaliq shahridagi Temur Malik mahallasida kriminogen vaziyatni o‘rgandi. Asosiy e’tibor huquqbuzarliklarning kelib chiqish sabab va shart-sharoitlari hamda hududga xos xavf omillariga qaratildi.
Mazkur o‘rganish Akademiya tomonidan Olmaliq va Angren shaharlarida olib borilayotgan kompleks ilmiy-amaliy ishlar doirasida o‘tkazildi. Bu ishlar huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish hamda mahallalarda xavfsiz va barqaror ijtimoiy muhitni shakllantirishga qaratilgan.
Olmaliq va Angrendagi o‘rganishlar natijasida hududlarning o‘ziga xos xususiyatlari hisobga olinib, jinoyatchilikning oldini olish hamda uning sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etish bo‘yicha manzilli ilmiy-amaliy tavsiyalar ishlab chiqildi.
Hozirda mazkur tavsiyalarni amaliyotga tatbiq etish, profilaktika ishlarining natijadorligini muntazam baholash hamda ko‘rilayotgan choralarning hududlardagi huquqbuzarliklar holatiga ta’sirini o‘rganish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Shuningdek, Akademiya mahallalarda profilaktika tizimini mustahkamlash maqsadida «mahalla yettiligi» a’zolari uchun o‘quv-seminarlar tashkil etmoqda. Mashg‘ulotlarda huquqiy savodxonlikni oshirish, oilaviy nizolarni barvaqt aniqlash va hal etish, ijtimoiy profilaktika samaradorligini kuchaytirish hamda aholi bilan bevosita va manzilli ishlash ko‘nikmalarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.