O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida bakalavriatning 1-bosqich talabalari uchun O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Faxriy qorovul batalyoni harbiy xizmatchilari bilan hamkorlikda amaliy mashg‘ulot o‘tkazildi.
O‘quv rejasi va dasturiga muvofiq, «Harbiy va jismoniy tayyorgarlik» moduli doirasida «Saf tayyorgarligi» fanidan ilk mashg‘ulot tashkil etildi. Uning mavzusi «Qurolsiz bajariladigan saf amallari va harakatlari» bo‘ldi.
Mashg‘ulot avvalida harbiy xizmatchilar saf amallarini ko‘rgazmali tarzda namoyish etdi. Shundan so‘ng ular bilan birgalikda talabalar safda qad rostlab turish, joyida burilish, harbiycha salom berish, safdan chiqish va safga qaytish, shuningdek, baraban sadosi ostida safda yurish mashqlarini amaliy o‘rgandi.
Saf tayyorgarligi qaddi-qomatni to‘g‘ri tutish, harakatlar aniqligi va tashqi ko‘rinish ozodaligi bilan bir qatorda intizomlilik, hushyorlik hamda o‘z harakatlarini boshqara olish ko‘nikmalarini rivojlantirishga xizmat qiladi. Amaliyotchi harbiy xizmatchilar ishtirokidagi mashg‘ulot talabalarni kelgusi xizmat faoliyatiga tayyorlashning amaliy qismidir.