O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida bakalavriatning 2-bosqich talabalari uchun Jamoat xavfsizligi universiteti o‘qituvchisi va Milliy gvardiya tibbiyot xizmati mutaxassislari ishtirokida mashg‘ulotlar o‘tkazildi. Talabalar jarohatlanish va qon ketish holatlarida o‘zlariga hamda boshqalarga birinchi yordam ko‘rsatish usullarini o‘rgandi.
Mashg‘ulotlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 26-avgustdagi “Jamoat xavfsizligini ta’minlash sohasida professional kadrlarni tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ–302-son qarori ijrosi doirasida tashkil etildi. Ular Akademiya va Jamoat xavfsizligi universiteti o‘rtasida o‘zaro mahorat darslarini o‘tkazish bo‘yicha hamkorlik doirasidagi ilk amaliy mashg‘ulotlar bo‘ldi.
“Birinchi tibbiy yordam asoslari va valeologiya” moduli doirasidagi “Jarohatlarda va qon ketishlarda birinchi tibbiy yordam” mavzusiga bag‘ishlangan darslarda mutaxassislar jarohatlar tasnifi, qon ketish turlari va belgilari hamda birinchi yordam ko‘rsatish tartibi va qoidalarini tushuntirdi.
Mashg‘ulotlarning amaliy qismida maxsus va qo‘lbola vositalardan foydalanib qon ketishini to‘xtatish, o‘z-o‘ziga va o‘zaro birinchi yordam ko‘rsatish usullari ko‘rib chiqildi.
Mahorat darslari talabalarning birinchi yordam ko‘rsatish bo‘yicha bilimlarini mustahkamlash va amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratildi. Bu ko‘nikmalar kelgusi xizmat faoliyatida favqulodda vaziyatlar yuz berganda to‘g‘ri va o‘z vaqtida harakat qilish uchun muhimdir.