Moliyaviy monitoring va komplaens: Akademiyada bank xodimlari malakasini oshirdi
ProAcademy
(71) 202-04-96
info@proacademy.uz
Zaif ko'ruvchilar uchun

Yangiliklar

“Et docere et discere servitute legis”

Moliyaviy monitoring va komplaens: Akademiyada bank xodimlari malakasini oshirdi

“O‘zbekiston sanoat-qurilish banki” ATB va “Octobank” AJning nazorat hamda komplaens xizmatlari xodimlari O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tashkil etgan ikki kunlik maxsus malaka oshirish kurslarida ishtirok etdi. Dastur jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish, moliyaviy xavflarni baholash va korrupsiyaga qarshi komplaens mexanizmlarini bank faoliyatida qo‘llashga bag‘ishlandi.

Kurslar O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamda Markaziy bank bilan hamkorlikda o‘tkazildi. Mashg‘ulotlarni Akademiya professor-o‘qituvchilari, hamkor idoralar mutaxassislari va BMTning Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi ekspertlari olib bordi.

Milliy ekspertlar ishtirokidagi mashg‘ulotlarda milliy qonunchilik talablari, Jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi moliyaviy choralar ishlab chiquvchi guruh (FATF) standartlari va tavsiyalari o‘rganildi. Tinglovchilar moliyaviy xavflarni aniqlash va baholash usullari, shubhali operatsiyalarning belgilari, ularni tahlil qilish va tegishli choralar ko‘rish tartiblarini ko‘rib chiqdi. Shuningdek, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish va uni boshqarish hamda sanksiyalarga oid cheklovlarga rioya etish masalalari muhokama qilindi.

Amaliy keyslar asosida tavakkalchilikka asoslangan yondashuvni qo‘llash, mijozlarni lozim darajada tekshirish va moliyaviy operatsiyalarni xavf darajasiga qarab baholash tartiblari tahlil qilindi. Tinglovchilar ekspertlar bilan birgalikda bank amaliyotida uchraydigan muammo va kamchiliklarning sabablari, ularni bartaraf etishning tashkiliy-huquqiy mexanizmlari hamda xalqaro standartlarni O‘zbekiston banklari faoliyatiga tatbiq etish masalalarini muhokama qildi.

BMTning Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi ekspertlari dropperlardan foydalangan holda jinoiy daromadlarni legallashtirish tipologiyalari va ularning firibgarlik sxemalaridagi roliga bag‘ishlangan mashg‘ulotlar o‘tkazdi. Dropperlar — bank hisobvaraqlari yoki to‘lov vositalari jinoiy mablag‘larni o‘tkazishda ishlatiladigan shaxslardir. Amaliyotga yaqin misollar orqali bunday shaxslardan foydalanishga asoslangan moliyaviy sxemalarning belgilari va ularni aniqlash usullari ko‘rib chiqildi.

Xalqaro ekspertlar ishtirokida BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi qoidalari asosida korrupsiyaga qarshi komplaensni tashkil etish masalalari ham o‘rganildi. Amaliy misollar asosida bank faoliyatida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash usullari hamda tegishli komplaens mexanizmlarini tanlash va qo‘llash masalalari ko‘rib chiqildi.

Telegram Facebook