O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida AQSh Davlat departamentining Xalqaro giyohvandlikka qarshi kurashish va huquqni muhofaza qilish byurosi (INL)ning O‘zbekistondagi yangi tayinlangan vakili J. Uidon bilan tanishuv uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda mehmonga Akademiyaning asosiy faoliyat yo‘nalishlari, tashkiliy tuzilmasi hamda prokuratura va tergov organlari xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimi haqida ma’lumot berildi.
Tomonlar hamkorlikda amalga oshirilgan loyihalar natijalarini ko‘rib chiqdilar. Kelgusidagi rejalar doirasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining kasbiy bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan o‘quv dasturlarini yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.
Akademiyani huquqni muhofaza qiluvchi organlar salohiyatini oshirish bo‘yicha xabga aylantirishga qaratilgan EDIROL tashabbusi ham ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar muhokama qilingan masalalar bo‘yicha aniq vazifalarni belgilab, ularni amalga oshirishning navbatdagi qadamlarini kelishib oldilar.